Samarqandda 378 nafar aliment to‘lovchi ayol bor
Bu haqda viloyat Matbuot uyida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2023 yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.
Anjumanda mavzu yuzasidan boshqarma boshlig‘i S.Jabborov ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, 2023 yil davomida boshqarma tomonidan jami 547 487 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilgan. Shundan 314 445 tasi yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilinib, 2,3 trillion so‘m undirilishi ta’minlangan. Byuroning Samarqand tumanlararo bo‘limi tomonidan olib borilgan soddalashtirilgan ijro harakatlari davomida, ya’ni axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida 159 012 ta ijro hujjati ijro etilib, 63,1 milliard so‘m pul mablag‘i undirilgan.
- Tizimni raqamlashtirish ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi S.Jabborov. – Xodimlarimizning ish yuklamasi katta, ular eshikma-eshik yurmasligi kerak. Agar ijro tadbirini to‘liq onlayn amalga oshira olsak, ish samaradorligi oshadi, shuning barobarida inson omili bilan yo‘l qo‘yiladigan turli xatoliklarning oldi olinadi.
2023 yilda boshqarma tizimidagi 70 nafar xodimga nisbatan jami 30 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Natijada 38 nafar xodim tomonidan o‘z vazifasiga nomunosib xatti-harakatlar sodir etilganligi o‘z tasdig‘ini topgan, shundan 5 nafari byuro organlari tizimidan bo‘shatilgan.
Aliment masalasiga kelsak, hisobot davrida jami 203,5 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirilgan. Fuqarolar o‘rtasida olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida 7 207 ta oila yarashtirilgan. Ma’lumotga ko‘ra, shu kunda viloyatimizda 378 nafar aliment to‘lovchi ayol ham bor.