Bir necha yildan buyon aliment to‘lamay kelayotgan otalar qamaldi

Samarqand tuman hokimligida o‘tkazilgan sayyor sud shunday qaror qabul qildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro U.B. o‘z farzandi uchun aliment to‘lashi belgilangan. Afsuski, 25 oydan buyon aliment pullarini to‘lamaganligi sababli 19 million 161 ming so‘m aliment qarzdorligi kelib chiqqan.

Aliment to‘lamagan otaga undiruvchi P.B. 1 nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lsa-da, U.B. anchadan buyon aliment to‘lamasdan kelgan. Bu holat bo‘yicha MIB Samarqand tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.

Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 2021 yil 11 martdagi qaroriga asosan, 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Xuddi shunday, qarzdor S.I. tomonidan Sh.X. foydasiga 24 million so‘mdan ortiq, qarzdor O.Q. tomonidan undiruvchi M.N. foydasiga 8 million 852 ming so‘m, qarzdor D.I. tomonidan undiruvchi Yu.T. foydasiga 15 million so‘mdan ortiq, qarzdor A.M. tomonidan undiruvchi A.I. foydasiga 6 million 942 ming so‘m aliment to‘lovlarini to‘lamaganligi sababli qarzdorlarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudining qarori bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Maslahat va suhbatlardan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota Sh.X. ikki nafar farzandining kelajagi uchun turmush o‘rtog‘i Sh.R. bilan yarashdi.