Aliment pulini bobo va buvidan undirish mumkinmi?

“Aliment to‘lovchi shaxsning rasmiy daromadi yo‘q”, “Otaning nomida hech qanday mulk yo‘qligi sabab alimentni undirish imkonsiz”,.. Aliment borasida tez-tez qulog‘imizga chalinib turadigan bu gap-so‘zlar kishida nahotki qonunchilikda mazkur holatlar inobatga olinmagan bo‘lsa, degan fikrni uyg‘otadi. Aslida Oila kodeksida buning qonuniy yechimi ko‘rsatgan.  

Xususan, Kodeksning 123-moddasiga ko‘ra, ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Xo‘sh, bu tartib qanday hollarda tatbiq qilinadi? Qonunchilikka muvofiq, bobo va buvining zimmasiga voyaga yetmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyatini yuklash uchun birinchi navbatda voyaga yetmagan nevaralarning ota-onasi, ya’ni shu nevaraga bobo va buvi bo‘lgan shaxslarning bolalari yo‘qligi, shuningdek, bobo va buvi voyaga yetmagan nevaralariga ta’minot berish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi shart.

Ular nafaqat voyaga yetmagan nevaralariga, balki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralariga ham ta’minot berishlari lozim bo‘ladi. Bunda mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarining ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, bobo va buvi ularga ta’minot berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Buning aksi sifatida nevaralarning ham bobo va buvisiga aliment (ta’minot) berish majburiyati bor. Jumladan, o‘zlarining voyaga yetgan (oila kodeksi 124-modda) bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) ta’minot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga ta’minot berish majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan voyaga yetgan mehnatga layoqatli nevaralar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Sodda qilib aytganda, nevaralar ham o‘zlarining bobo va buvilariga ta’minot (aliment) berishlari lozim bo‘ladi.

Mansur HASANOV, viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati rahbari.