Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni Kattaqo‘rg‘on teatri sahnasida

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni asosida Buxoro viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori G‘ofur Mardonov tomonidan sahnalashtirilgan “Bahrom va Dilorom” spektakli jamoatchilik ko‘rigiga taqdim etildi.
Mazkur asar davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirilgan bo‘lib, asosiy ish jarayoni karantin davrida masofadan olib borildi. Aktyorlarning mahoratli ijrosi, sahnalashtiruvchi rassom Ilhom Rustamovning sahna dekoratsiyalari tomoshabinni shoh Bahrom bilan birga yetti kun, yetti olamga sayohat qildiradi.
- Teatr jamoasi bilan “Bahrom va Dilorom” spektakli uchinchi hamkorlikdagi ishimiz bo‘lib, bundan oldin, 2010 yilda “Odamlar orasida”, 2018 yilda Chingiz Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar” spektakllarida ham birga ishlaganmiz, - deydi G‘.Mardonov. – Shuning uchun spektakldagi obrazlarning har birini aktyorlarning ichki olamida, qiyofasida ko‘ra oldim. Ayniqsa, Bahrom rolini ijro etadigan aktyorning aynan shu teatrda borligi ushbu asarni sahnalashtirishga turtki bo‘ldi. 7 oy davomida spektakl ustida mahoratli aktyorlar jamoasi bilan ish olib bordik. Asosiy sahnalashtirish jarayonlari karantin davriga to‘g‘ri kelganligi uchun ishlar masofadan olib borildi. Ammo teatrda ustoz san’atkor Bahodir Yo‘ldoshevning maktabi shakllanganligi, o‘z kasbining fidoyi jamoasi yig‘ilganligi spektaklning muvaffaqiyatini ta’minladi. Menimcha, spektaklning yutug‘i ham shunda.
“Sab’ai sayyor” asari shoh Bahrom saroyida aytilgan hikoyalardan iborat bo‘lib, voqelik yetti sayyora va olam haqidagi tushunchalar bilan chambarchas bog‘langan.
“Bahrom va Dilorom” spektaklini teatr jamoasi yaqin kunlarda ko‘p sonli o‘z ixlosmandlariga taqdim etishni rejalashtirgan.