Anqaraning 8 ta ko‘chasi Samarqand nomi bilan atalar ekan

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar beradi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent shahar hokimi oxirgi uch yilda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilayotganini qayd etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davomida 30 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish borasida 3,5 milliard dollar hajmdagi bitimlar imzolandi, qator sohalardagi aloqalar rivojlanib bormoqda.

Anqara shahri hokimi Toshkent shahar hokimligi vakillariga samimiy va do‘stona mehmonnavozlik uchun minnatdorchilik bildirib, ikki davlat va ikki shahar o‘rtasidagi munosabatlarning taraqqiy etishi o‘zaro manfaatli ekanligini ta’kidladi. Savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotgani, O‘zbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, o‘zaro savdo aylanmasi ikki milliard AQSh dollariga yetganini e’tirof etdi.

16 sentyabr Toshkent va Anqara munosabatlari tarixida unutilmas kun sifatida muhrlandi. Ikki shahar hokimlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat - “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzoladi.

Toshkent shahri hokimi bu hujjat azaldan do‘st va hamfikr bo‘lgan ikki davlat, ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar istiqbolida nihoyatda ahamiyatli ekanligi, iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, san’at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mansur Yavash ayni paytda Anqarada O‘zbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta, Buxoro deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalarning birini «Anqara» deb nomlashni taklif etdi. Shuningdek, hamkorlikka oid boshqa takliflarni bildirdi.

Anqara shahri hokimi yetakchiligidagi delegatsiya Toshkentning diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lib, poytaxt tarixi, taraqqiyoti va bugungi manzaralari bilan tanishdi.