Arxiv – tarixning qog‘ozdagi qo‘riqchisi
Bugun viloyat davlat arxivida fan, madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid ko‘plab noyob hujjatlar saqlanmoqda. Shuningdek, harbiy mutaxassislar, yirik fan va adabiyot namoyandalari, davlat arboblari va boshqa taniqli shaxslarning shaxsiy fondlari ham mavjudki, bular o‘zbek, rus, arab va eski o‘zbek alifbosida yozilgan hujjatlar fondimizni boyitib kelmoqda.
- Hozirgi davr arxiv idoralari faoliyatini zamonga moslashni taqozo etmoqda, - deydi viloyat davlat arxivi arxivchisi Fazliddin Ulug‘ov. - Buning uchun arxiv ma’lumotlarini Davlat xizmatlari markazlari orqali berish, arxiv xizmatlarini tezkor va sifatli taqdim etish, ayniqsa, aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlarning malakasi va madaniyatini oshirish orqali xalq bilan tizimli muloqotni ta’minlashga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Arxiv hujjatlarining hajmi va oqimi yil sayin ortib borishi hisobga olinib, ularning qiymatini aniqlash, ekspertizatsiyalash ishlari ko‘lamiga jiddiy yondashilmoqda. Buning uchun fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilib, xujjatlarni belgilangan me’yorlar asosida saqlash, umrini uzaytirishga e’tibor qaratilyapti. Qog‘oz shaklida saqlanayotgan ma’lumotlarning elektron bazasini shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlikka qo‘shilish orqali faoliyatimizga bosqichma-bosqich raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda.