Asal qarishning oldini oladi
Asal nafaqat tabiiy shirinlik, balki juda ko‘p kasalliklarga qarshi bebaho doridir. Yana bu mo‘’jizaviy vosita qarishning oldini oladi. Tibbiyotning otasi, oz emas, ko‘p emas 111 yil yashagan Gippokrat, salkam to‘qson yil umr ko‘rgan matematika otasi Pifagor bir og‘izdan o‘zlarini uzoq yil yashaganliklari siri asalarilar to‘plagan yoshlik dorisi - asal ekanligini ta’kidlagan.
Asalda inson organizmi uchun zarur yuzdan ziyod tabiiy moddalar bo‘lib, ular yuqumli mikroblar, bakteriyalarni o‘ldirish qobiliyatiga ega ekan. Qadimgi insonlar va rimliklar jazirama issiqda tez buziladigan go‘sht va boshqa mahsulotlarning aynimasligi uchun asalda saqlashgan.
Asal salqinda va qorong‘ida saqlansa, hech qachon mog‘orlamaydi, aynimaydi. Fir’avnlarning tobutida ming yillar saqlangan asalni xuddi yangisiday bugun ham yeyish mumkin, deydi olimlar.
Xullas, shamolladingizmi, issig‘ingiz chiqdimi, gripp bo‘ldingizmi, tomog‘ingiz og‘ridimi, nafasingiz bo‘g‘ildimi, qoningiz kamaydimi, charchoq, uyqusizlik bezovta qilyaptimi? Asalni sutga aralashtirib iching, otday bo‘lib ketasiz, deydi mutaxassislar.
“AiF” (2020 y, 32-son), “Mir novostey” (2020 y, 31-son).
T.MUROD tayyorladi.