Asal yetishtiruvchilar soliq imtiyozlariga egami?
- Asalarichilik bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklari va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar qanday turdagi soliqlarni to‘laydi va hisobotlarni topshiradi? Ular qanday soliq imtiyozlariga ega?
Xurshid Xalilov,
Bulung‘ur tumani.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 11-bandida 2023 yilning 1 yanvarigacha belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha tashkilotlar tomonidan olib kelinadigan naslli (mahsulot) materiallar, asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan inventarlar va uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan veterinariya dori vositalari va preparatlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yog‘och va zarur materiallar, penopoliuretan, ularga yordamchi uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlari, mumlar va mum mahsulotlari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilishi belgilab berilgan.
Soliq kodeksining 57-moddasi 2-qismida biologik resurs (hayvonlar va o‘simlik)lardan olingan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi o‘simlikshunosligi, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik, baliqchilik mahsulotlari va suvda yetishtiriladigan ekinlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jumlasiga kirishi belgilab berilgan.
Asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari Soliq kodeksi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun berilgan soliq imtiyozlaridan foydalanishlari mumkin. Jumladan, kodeksning 243-245-245-246-moddalarida qo‘shilgan qiymat, 414-moddasida mol-mulk hamda 428-moddasida yer soliqlari bo‘yicha imtiyozlar belgilab berilgan.
Shuningdek, Soliq kodeksining 377-moddasining 1-qismida hayvonlarni (qoramollarni, parrandalarni, mo‘ynali va boshqa hayvonlarni, baliqlarni va boshqalarni) tirik holda hamda ularni so‘yib, mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda sotishdan, ipak qurtini, chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olingan daromadlar soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning boshqa daromadlariga kirishi belgilangan. Kodeksning 378-moddasining 1-qismi, 8-bandida uy xo‘jaligida, shu jumladan, dehqon xo‘jaligida yetishtirilgan hayvonlarni tirik holda hamda ularni so‘yib mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda sotishdan (bundan sanoatda qayta ishlash mustasno) chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olinadigan daromadlariga soliq solinmasligi qayd etilgan.
Adliya Vazirligi tomonidan 2020 yilning 24 fevralida 3221-soni bilan ro‘yxatga olingan Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 28 yanvardagi 2020-03-sonli qarori bilan tasdiqlangan shakllardagi soliq hisobotlari ro‘yxatga olingan soliq inspeksiyalariga taqdim etilishi lozim.
Savolga viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Valisher Temirov javob berdi.