1 foizlik kredit va 10 yillik soliq imtiyozidan tadbirkorlar qanday foydalanyapti?

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 apreldagi qaroriga ko‘ra, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘n yil mobaynida barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilindi. Ularni tashkil etish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni berish yo‘lga qo‘yildi.

Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda 2018-2020 yillarda maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini tashkil etish uchun 135 ta sub’yektga 187 milliard so‘m kredit ajratilgan. Jumladan, 97 sub’yektga 155 milliard so‘m kredit yillik 1 foiz, 5 sub’yektga 5 milliard so‘m kredit yillik 5 foiz stavkada ajratilgan. Kreditlarning 86 foizi eng past foiz stavkalarda berilgan. Ammo, ming afsuski, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati o‘rganilganda 10 yil muddatga soliq imtiyozi berilgan, eng past foiz stavkalarda kredit ajratilgan bo‘lsa-da bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, biznes-reja ko‘rsatkichlarini bajarib kelayotganlar juda kam. 99 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tahliliy o‘rganish jarayonida me’yoriy hujjatlarga zid ravishda yashirin iqtisodiy faoliyat olib borilayotganiga, yirik miqdordagi mablag‘larning bankdan tashqari aylanishi va byudjetga kelib tushishi kutilgan mablag‘larning tushmayotganiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Masalan, hisobvaraq aylanmasi biznes-reja bo‘yicha 45 milliard so‘m etib belgilangan bo‘lsa-da amalda 15 milliard so‘mni, ish haqi biznes-reja bo‘yicha 9,2 milliard so‘m, amalda esa 1 milliard so‘mni, ish haqi fondidan ijtimoiy sug‘urtaga to‘lov va daromad solig‘i biznes-rejada 2,2 milliard so‘m ko‘rsatilgani holda amalda 267 million so‘mni, ish o‘rinlari 1061 tani emas, 343 tani tashkil etmoqda. Oqibatda byudjetga kelib tushishi kutilgan 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar tushmayapti, 700 dan ortiq ish o‘rinlari tashkil etilmayapti.

Birgina misol, “X.M.” xususiy ta’lim muassasasiga bank tomonidan 2018 yil avgustda yillik 1 foiz stavkada 15 yil muddatga 7,4 milliard so‘m, 2019 yil noyabrda yillik 24 foiz stavkada 4 yil muddatga 0,5 milliard so‘m, ya’ni jami 7,9 milliard so‘m kredit ajratilgan. Loyiha biznes-rejasiga ko‘ra tashkilot hisobvarag‘iga o‘tgan davr mobaynida 1,2 milliard so‘m kelib tushishi lozim edi, amalda esa 82 million so‘m mablag‘ tushgan, xolos. To‘lanadigan ish haqidan daromad solig‘i va jamg‘arib boriladigan pensiya fondiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan 66 million so‘mdan bir so‘m ham o‘tkazilmagan. Bu esa biznes-rejada belgilangan 30 ta yangi ish o‘rni rasman tashkil etilmagan, degan xulosaga kelishga asos bo‘ladi. Yana ham achinarlisi, kredit bo‘yicha 83 million so‘m, foizi bo‘yicha 215 million so‘m muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud.

Yurtning ertasini o‘ylab, yosh avlodning har jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib o‘sishi uchun shuncha katta imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsa-yu bundan boshqa maqsadda foydalanayotganlarning vijdoni qiynalmasmikan, bolalarning haqidan qo‘rqmasmikan? Bunday holatlarga tegishli idoralar huquqiy baho bermasmikan?