Tadbirkorlar, karantin qoidalariga rioya qiling!

Bugungi pandemiya sharoitida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, bankrotlik holatiga tushib qolmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar bilan berilgan imtiyoz va preferensiyalarning tadbirkorlarga qo‘llanilishi holati biznes-ombudsman tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

Jumladan, pandemiya davrida viloyatimizdagi 1860 nafar tadbirkorga foydalanilmayotgan ob’yektlar bo‘yicha 8,4 milliard so‘mlik oshirilgan (yer va mol-mulk) soliqlarni hisoblash to‘xtatildi. Qiyinchilikka duch kelgan 6123 nafar tadbirkorning 972 milliard so‘mlik kredit to‘lovlari kechiktirildi. O‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan 819 nafar tadbirkorga davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarining hisoblanishi va undirilishi to‘xtatildi.

Prezidentimiz rahbarligida 3 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida karantin choralarini yumshatish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Qo‘shrabot, Nurobod, Bulung‘ur va Paxtachi tumanlari “yashil” toifaga kiritilgan. Jomboy va Ishtixon tumanlari esa “sariq” toifa bo‘ldi.

2020 yil 5 iyundan boshlab “yashil” hududlarda:

mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (xostellar bundan mustasno);

uy-mehmonxonalari va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun);

mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish ob’yektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga;

individual shug‘ullanish uchun trenajyor zallari va basseynlar faoliyatiga;

ta’lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, vaqtini oldindan kelishgan holda) faoliyatiga, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyatiga;

15 iyundan boshlab esa:

umumiy ovqatlanish ob’yektlari, buyum bozorlari faoliyatiga;

maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga;

hududlar o‘rtasidagi avtobus qatnovlariga ruxsat berilmoqda.

O‘z navbatida o‘rnatilgan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, jumladan, jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati ob’yektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqob hamda antiseptik vositalaridan foydalanish;

dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;

barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “tunnel”lar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritish, shuningdek faoliyat turlari bo‘yicha belgilangan sanitariya qoidalari va me’yorlariga rioya qilish har birimizning burchimiz va mas’uliyatimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.

Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘z faoliyatlarida belgilangan karantin va sanitariya qoidalari va me’yorlariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirishingizni so‘rab qolamiz.

B.XOLMATOV,

Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida

faoliyat yurituvchi bosh inspektori.