Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi

Xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadaning hududiy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 145 nafar 11-sinf o‘quvchilari matematika, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti hamda tarix fanlaridan bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Matematika fanidan o‘tkazilgan bellashuvlarda birinchi o‘rinni surxondaryolik Ziyodulla Eraliyev, ikkinchi o‘rinni namanganlik Jamolxon Ergashev, uchinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Shomurod Keshnimjayev egalladi.

Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha g‘oliblik samarqandlik Nazokatxon Butunboyevaga nasib etgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar xorazmlik Tolibjon To‘raxonov va buxorolik Mashhura Egamovaga nasib etdi.
Rus tili va adabiyoti fanidan g‘oliblikni Sirdaryo viloyatidan Iroda Kushayeva qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar Farida Ramanova, Sultonbek Turambetov sazovor bo‘ldi.

Tarix fanidan buxorolik o‘quvchi Elshod Ismatov eng yaxshi natijani qayd etgan bo‘lsa, samarqandlik Navro‘zbek Qo‘yliyev va qashqadaryolik Xolbek O‘ljayev sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Tashkilotchilar tomonidan 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi elektron sertifikatlar, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.