Avstriya kompaniyasi Nurobodda zamonaviy korxona ochadi

Shu yilning 2-3 may kunlari Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Uchinchi bor o‘tkazilgan forumda 93 davlatdan qariyb 2500 ishtirokchi qatnashib, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, istiqbolli loyihalari bilan tanishdi. Forum yakunida 26,6 milliard dollarlik kelishuvlar imzolandi.

Ushbu forumda viloyat hokimi E.Turdimov boshchiligida viloyatimiz vakillari ham xorijiy sarmoyadorlar bilan istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Jumladan, Xitoyning Shinjon Tianjin savdo-sanoat palatasi rahbari Lin King boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm va qurilish sohalarida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

“China Overseas Developement Association” kompaniyasi rahbari Xe Chjenvey boshchiligidagi ishbilarmonlar bilan uchrashuvda viloyatimizda investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning 27-28 may kunlari viloyatimiz delegatsiyasi Chin o‘lkasida bo‘lib o‘tadigan « XIV Xitoy chet el investitsiyalar yarmarkasi»da ishtirok etadi. 

Xitoyning Jiangsu provinsiyasida joylashgan “Jiangqiao Machinery Manufacturing Co.,LTD” kompaniyasi raisi Chen Syuechjun bilan uchrashuvda viloyatimizda sement ishlab chiqarish korxonalari ko‘pligi uchun sementdan ikkilamchi mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirildi. Guandun provinsiyasi, Shenchjen shahridagi “Shenzhen Phoenix Goey Electronics Technology Co. LTD” kompaniyasi tomonidan viloyatimizda avtomobillar uchun universal elektron jihozlar ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Guandun provinsiyasidagi “Yingde Longrun Agricultural Development Co. LTD” kompaniyasi bilan viloyatda choy qadoqlash fabrikasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Avstriya davlatining “Lasselsberger” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralarda Nurobod tumanida umumiy qiymati 120 million dollar bo‘lgan qurilish aralashmalari, mikrokalsit va keramogranit ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida mikrokalsit va quruq aralashmalarni ishlab chiqarishni joriy yilning sentyabr oyida boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.