Avtomashinani olib qochgan to‘rt nafar yosh yigit YTHga uchradi
2020 yilning 12 mart kuni soat 00:00 da Toshkent viloyatida 19 yoshli B.U. jinoiy sheriklari - 17 yoshli D.P., 16 yoshli A.A. va 15 yoshli A.R.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Angren shahrida joylashgan avtomashinalarni yuvish shoxobchasiga kelib qorovul - 47 yoshli X.I.ga qarab turish uchun qoldirib ketilgan, 50 yoshli X.Sh.ga tegishli “Nexia” rusumli avtomashinaning kalitini qorovuldan yashirin ravishda o‘g‘irlab avtomashinani olib qochgan va hodisa joyidan yashiringan.
Ammo B.U. Angren shahar, Birlik ko‘chasida mashina boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chekkasida joylashgan devorga borib urgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, to‘qnashuv natijasida hech kim jarohat olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekison Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “b” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, avtomashina olib qochuvchilar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.