Ayrim ko‘chalarda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi

Samarqand shahrida joriy yilning 9-11 iyun kunlari triatlon bo‘yicha “2023-Asian Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda “Chellenge Samarkand” O‘zbekiston chempionati o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Shu munosabat bilan Samarqand shahar hokimining farmoyishi qabul qilindi.

Unga ko‘ra, musobaqalarni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish, tadbirlar bo‘lib o‘tadigan kunlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida shaharning Katta O‘zbek trakti, Usta Umar Jo‘raqulov, Shabod, Sadriddin Ayniy, Universitet xiyoboni, Registon, Islom Karimov, Zargaron, Dahbed, Shohi Zinda, Ibn Sino, Motrid, M-37 yo‘li va Toshkent trakt (Ulug‘bek avtostansiyasi) ko‘chasida transport vositalarining harakati vaqti-vaqti bilan cheklab boriladi.