Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklanadi
Joriy yilning 11-13 iyun kunlari viloyatimizda Yoshlar festivali o‘tkazilishi munosabati bilan tadbirlar tashkil etiladigan hududlarda jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi.
Viloyat hokimining 2021 yil 7 iyundagi 07-01/94-sonli xatiga asosan, 11 iyun kuni soat 08:00 dan 09:00 gacha:
- Registon ko‘chasining Registon maydoni oldidan Universitet xiyobonidagi Amir Temur haykaligacha bo‘lgan qismida;
09:00 dan 11:00 gacha:
- Vohid Abdullayev ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasi bilan tutashmasidan “Hazrati Xizr” masjidigacha bo‘lgan qismida;
- Bog‘imaydon ko‘chasining Dahbet ko‘chasi bilan tutashmasidan Qo‘shhovuz ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
- Ruhobod ko‘chasining Registon ko‘chasi bilan tutashmasidan Amir Temur maqbarasi orqali Universitet xiyobonigacha bo‘lgan qismida;
- Abdurahmon Jomiy ko‘chasining Amir Temur ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
- Islom Karimov ko‘chasining “Hazrati Xizr” masjididan Shohi Zinda ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
- Shohi Zinda ko‘chasining “Siyob” dehqon bozoridan Ulug‘bek observatoriyasigacha bo‘lgan qismida transport vositalarining harakati vaqtincha taqiqlanadi.
Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati haydovchilardan harakatlanish mobaynida o‘zaro hurmatda va sabrli bo‘lishlarini so‘ragan.