Kimsasiz yer osti o‘tish yo‘lagi, jarimaga tortilmaslik uchun farzandini tashlab ketgan ona...
Viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda ana shunday voqealarning guvohi bo‘lishingiz mumkin edi.
Yo‘l-transport hodisalari nisbatan ko‘p sodir bo‘layotgan hududlarni o‘rganish, buning sabablarini muhokama qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillariga boshqarma boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozov hamda shahar infrastrukturasiga mas’ul idora rahbar xodimlari hamrohlik qildi.
Birinchi manzil Samarqand shahrining eng muammoli chorrahasi hisoblangan Dahbed va Rudakiy ko‘chalarining kesishmasi bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, hududdagi bekatlar chorrahaga yaqin joylashganligi sababli unda transportlar harakati qiyinlashmoqda. Jamoat transporti ham, kirakashlar ham shu bekatlarga to‘xtab, yo‘lovchi olishga harakat qiladi, oqibatda hududda tartibsizlik yuzaga keladi.
Rudakiy ko‘chasini kesib o‘tgan yer osti piyodalar yo‘lagi ham lozim darajada foydalanilmay kelinmoqda. Tadbir ishtirokchilari uning holatini ko‘zdan kechirganda inshootda yoritish chiroqlari yo‘qligi, nazoratsiz qoldirilgan hojatxonadan badbo‘y hid taralayotgani aniq bo‘ldi. Albatta, bunday muhit hech kimga yoqmaydi. Oqibatda piyodalar zimiston, badbo‘y yo‘lakka tushishdan ko‘ra, ko‘chani belgilanmagan joyidan kesib o‘tishni ma’qul ko‘rmoqda. Unga kirish qismi esa kirakashlar tomonidan avtoturargoh sifatida egallab olingan.
Sh.Boyxo‘rozovga ko‘ra, shahar hokimligiga mazkur hudud va shaharning boshqa ko‘chalaridagi muammolarni bartaraf etish va yo‘l harakati qatnashchilariga xavfsiz sharoit yaratish bo‘yicha taqdimnomalar kiritib borilmoqda. Shuningdek, yangi loyihalar o‘rganilib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha takliflar berilmoqda.
Keyingi manzil - Siyob dehqon bozoriga olib boruvchi ko‘prik ostidagi vaziyat boshqacharoq. Bunda yo‘lovchilarga ko‘prik ustidan o‘tish uchun zarur sharoitlar yaratilgan, uning ostidagi ko‘chaning ikki qatnov qismi esa temir panjaralar bilan to‘silgan. Shunday bo‘lsa-da, piyodalar xavfsiz yo‘ldan yurmay, temir panjaralarni xatlab o‘tmoqda. Bunga o‘sha joyda guvoh ham bo‘ldik. Jumladan, bir ayol ikki farzandini panjaralar orasidan o‘tkazib, o‘zi o‘tishga ulgurmay ichki ishlar idoralari xodimlarini ko‘rib qoldi va bolalarini shu yerda qoldirib, yo‘lning belgilangan joyidan aylanib keldi. Bu qanday mas’uliyatsizlik? 150-200 metr ko‘proq yurmaslik uchun bolalarning hayotini xavf ostiga qo‘yishgacha borayotgan ekanmiz, vaziyat juda yomon.
Biz shu yerdaligimizda atrofda yig‘ilganlar orasida temir panjaralarni olib tashlash kerakligi, mas’ullar atay odamlarning harakatlanishini qiyinlashtirganini aytib baqirganlar bo‘ldi. Kuzatib bildikki, bu “faol”larning asosiy qismi shu yerdagi sotuvchi va kirakashlar. Ularga bir yilda nechta bola yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘layotgani, qancha odam mayib-majruh bo‘layotgani qiziq emas, asosiysi daromadni oshirish.
— Bu tadbirdan maqsad yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlash faqat bizga bog‘liq emasligini, jarayonda hamkorlik zarurligini tushuntirish, - deydi Sh.Boyxo‘rozov. – Hozir viloyat bo‘yicha 284 nafar post-patrul xizmati xodimi xizmatni olib bormoqda. Holbuki, mahallalarimizning o‘zi mingdan ortiq, ko‘chalar esa undan ham ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, biz hamma narsani nazorat qila olmaymiz. Qolaversa, faqat jazolash orqali kerakli natijaga erishish qiyin. Muammoni joylarda zarur infratuzilmani yaratish, kamchiliklarni to‘g‘rilash hamda eng muhimi – jamoatchilikda yo‘llarda harakatlanish madaniyatini shakllantirish orqaligina hal qilish mumkin. Bunga erishsak, nazoratga talab kamayadi. Misol uchun, Germaniyada shunday tajriba qo‘llaniladi. Albatta, bu jarayon samaradorligi ko‘p jihatdan jurnalist va blogerlarning faolligiga bog‘liq. Biz o‘z navbatida ular bilan yaqin hamkorlik qilishga doimo tayyormiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqanddagi ilk svetofor 1950 yilda o‘rnatilgan. Oradan 74 yil o‘tib ham unga amal qilishni o‘rganmaganligimiz, qoidalarni pisand qilmasligimiz, qolaversa, turizm shahri bo‘lgan Samarqandda haydovchiyu piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilmaning yetarli emasligi achinarli hol.
Press-tur yakunlandi, lekin biz bu mavzuga hali qaytamiz.
Asqar BAROTOV.