Qorag‘uppa mahallasida 104 ta xonadon mebelchilik bilan shug‘ullanadi

Past Darg‘om tumani Qorag‘uppa mahallasi ahli mebelchilik bilan shug‘ullanadi. Bugun ular tomonidan tayyorlanayotgan mebellar sifati va dizayni bilan xaridorgir bo‘lib, Samarqand, Toshkent, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlariga  sotilmoqda.

Tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalistlar mahallada bo‘lib, bu yerda faoliyat yuritayotgan mebelchilar ishi bilan yaqindan tanishdi.

- Mebel sifatli xomashyodan yasalsa, undan odamlar ancha yil  foydalanadi, - deydi “Mehr mebeli” oilaviy korxonasi rahbari Nabi Ishnayev. – Masalan, biz stullarni yong‘oq yog‘ochidan yasaymiz. Yong‘oq daraxti ko‘p yillik o‘simlik bo‘lgani uchun  yog‘ochi zich va mustahkam bo‘ladi. Yog‘ochga suv to‘kilsa ham shishib ketmaydi, undan yasalgan mebellar ancha yilga xizmat qiladi.

Tadbirkorning aytishicha, dastlab u qashqadaryolik ustadan mebelchilikni o‘rganib, mahallada shu kasbi ortidan mehnat qilgan. 2010 yilda bu kasbini mahalladoshlariga ham o‘rgatgan. Bugun Nabi Ishnayevning oilaviy korxonasida 75 nafar ishchi 40 dan ortiq turdagi mebel yasamoqda.

“Mehr mebeli” oilaviy korxonasining yillik ishlab chiqarish hajmi 12,1 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Korxona yaqinda faoliyatini kengaytirish maqsadida umumiy qiymati 18,1 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha loyihani amalga oshirmoqda.

- Mahalla hududidan tadbirkorlar uchun 2,5 gektarlik maydonda kichik sanoat zonasi tashkil etilyapti, - deydi Qorag‘uppa mahallasi hokim yordamchisi Jo‘rabek Ro‘ziboyev. – Bu yerdagi qurilish ishlari bir oy ichida yakuniga yetadi. So‘ngra kichik sanoat zonasida mebelchilik korxonalari ish boshlaydi. Bu korxonalarga 500 nafar yangi ishchi qabul qilinadi. Dastlab mebelsozlar tomonidan yoshlarga mebelchilik hunari o‘rgatiladi, so‘ngra ishga olinadi.

Bugun mahallada 104 ta xonadon mebelchilik bilan shug‘ullanadi. Bir nafar ishchi bir kunda 200-300 dona mebelning butlov qismlarini ishlab chiqarib, bir oyda 4,5-6 mln. so‘mgacha ish haqi oladi. Bir oila esa bir oyda 10-12 mln. so‘m atrofida daromad topadi.

Press-turda jurnalistlar mebelsozlik ishining boshidan oxirigacha bo‘lgan jarayonlari, ishchilar mehnati va mebel do‘konidagi tayyor mahsulotlar bilan tanishdi.  

Xurshida ERNAZAROVA.