Konigildagi qabriston obod bo‘lyapti
Bugun Konigil turizm mahallasi – dunyoning turli davlatlaridan eng ko‘p sayyohlar keladigan maskanlardan biriga aylanib bormoqda. Chunki eng qadimiy Samarqand qog‘ozlari ishlab chiqariladigan fabrika ham aynan shu mahallada joylashgan.
Ammo, hozir gap, bu ustaxona haqida emas, balki shu hududda joylashgan, qariyb 12 gektar maydonni egallagan mahalla qabristoni haqida.
Yaqinda Konigil mahallasining bir guruh vakillari tahririyatimizga kelib, shu qabristonda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va qurilish-ta’mirlash ishlari haqida gapirib berishdi.
- Bir paytlar tarixi 400 yildan oshayotgan mazkur qabriston oldidan o‘tishga odamlar qo‘rqar edi, - deydi mahalla oqsoqoli Qobil bobo Xudoyberdiyev. - Chunki qabriston butunlay e’tibordan qolgan bo‘lib, atrofi devor bilan o‘ralmagan, odam bo‘yi qamish o‘sib, qarovsizlikdan ko‘plab qabrlar cho‘kib, yurishning imkoni yo‘q edi. Yillar davomida shox-shabba va barg-xazonlardan tozalanmas edi. Endilikda mahallamiz faollari yordamida obod maskanga aylanmoqda.

O‘tgan asrning 60-yillarida Samarqand tumanidagi “G‘alaba” xo‘jaligi raisi Q.Ashurov, keyinchalik mahalla raisi B.Obidov boshchiligida qabriston atrofi paxsa devor bilan o‘ralib, bir nechta qo‘shimcha binolar va usti yopiq ayvon qurilgan edi. Shu bilan qator yillar o‘zgarish qilinmay qolib ketdi.
Hozirda 12 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi Konigil va Juyisoy mahallalari aholisi qabristonni obodonlashtirish maqsadida yana qurilish va ta’mirlash ishlarini boshlab yuborishdi.
- Obodonlashtirish yumushlariga bugungi kunda xorijda yashab, ishlab kelayotgan o‘ndan ortiq mahalladoshlarimiz ham baholi qudrat moddiy yordam berishmoqda, - deydi oqsoqol Muhammadi Najmiddinov. – Ularning tashabbuslari bilan qabriston hududida marosimlarni o‘tkazish uchun ikkita bino, bir nechta qo‘shimcha xonalar qurildi. 4 ta kirish darvozasi o‘rnatilib, 35 metrlik ayvon qurildi.

Ustalar ishiga boshchilik qilayotgan Ikrom Primqulovning aytishicha, 4 ming metr yo‘lak betonlashtirildi, qabriston o‘rtasida 80 metrlik ayvon qad rostladi, shuningdek, 80 ta o‘rindiq ham o‘rnatildi. Ming tupdan ziyod qarag‘ay, chinor, archa kabi manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Qabrlar tartibga solinib, hisobi yuritilmoqda. Qabrlar oralariga yo‘laklar qurildi.
Ilgari qabristonni yonidan o‘tishga qo‘rqadigan odamlar bugun bemalol kelib o‘tgan yaqinlari haqiga tilovat qilishmoqda. Ayniqsa, Xotira va qadrlash kuni hamda Qurbon hayiti arafasida ularni ruhlarini shod etib, ziyorat qiluvchilar soni ham ko‘payib boryapti.

Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov.