"So‘nggi qo‘ng‘iroq"da aytilgan eng muhim gap

Har qanday tadbirda nimadir arzirli gap bo‘lishi lozim. Shundagina yig‘inlardan bir naf bor.

Kecha barcha maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, Jomboy tumanidagi 22-umumta’lim maktabida ham. Ushbu marosimda men ham qatnashib, noodatiy holatga guvoh bo‘ldim.
Ma’lum bo‘lishicha, maktab bitiruvchilarining aksariyati, yigirmadan ortiq edi adashmasam, turli xil sertifikatlarga ega bo‘lishibdi. O‘sha o‘quvchilarning ota-onalari ham tadbirga taklif qilinib, ularga ham tashakkurnoma berildi. Eng qiziq holat aynan o‘sha yorliqlar topshirilayotgan vaqtda sodir bo‘ldi.

Maktab direktori Bozorgul Qurbonova o‘qimishli qizlari bor ota-onalarga tashakkurnomani shunchaki bermadi, qiziq “shart” qo‘ydi:
- Qizingizni shoshib turmushga berib yubormang, o‘qiting, u qattiq menat qildi! Men keyingi hayotini ham kuzatib boraman, - dedi direktor.

Bu yaxshi narsa. Ertaga ota-ona bu gapga quloq soladimi-yo‘qmi, o‘zining ishi, biroq shunday gaplar aytilishi kerak. Rahbarlar qoliplardan chiqa olishni, noodatiy, ammo foydali qarashlarini jamiyatga, odamlarga singdirishi lozim. Bozorgul muallimning “qizingizni shoshib erga bermang, o‘qiting”, degan gapi o‘sha yig‘indagi birgina ota-onaga yuqqan bo‘lsa ham bu aslida mana shunday tadbirlarning besamar o‘tmaganini bildiradi.

Isomiddin Po‘latov.