Erkinjon Turdimov “So‘nggi qo‘ng‘iroq”da qatnashdi
Bugun yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi. Unda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantirildi.
Shuningdek, barcha ta’lim muassasalarida tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, bitiruvchilarga oq yo‘l tilash maqsadida har bir maktabda viloyat rahbarlari, deputat, korxona-tashkilotlar mas’ullari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahrining Qorasuv massividagi 81-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq”da ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Maktabni bitirayotgan yigit-qizlarni tabriklab, ularning kelgusi o‘qish va ishlariga omad tiladi.
– Biz Yangi O‘zbekistonning yangi massividagi yangi maktabni ilk bitiruvchilari bo‘lganligimizdan faxrlanamiz, – deydi maktab bitiruvchisi Muxlisa Rustamova. - Albatta, tengdoshlarim, maktabimizning 21 nafar ilk bitiruvchilari bildirilgan ishonchni oqlab, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan avlod bo‘lamiz.
Tadbirda maktab bitiruvchilariga shahar kengashi deputatlari tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.
Eslatib o‘tamiz: bu yil viloyatimizda 45200 nafar o‘quvchi maktabni bitirmoqda. Ulardan 300 nafarga yaqini muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.