So‘nggi qo‘ng‘iroq: "Ilmni qadrlang, ilmga intiling"
Bugun barcha shahar va tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shu shior ostida "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Samarqand shahridagi informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 9-tayanch maktabida o‘tkazilgan tadbirda faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, Devori ko‘ndalang, Bunyodkor, Masjidi qo‘ng‘iroqdor mahallalari faollari, nuroniylar, shuningdek, maktabning sobiq bitiruvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi,
bitiruvchilarni tabriklab, kelgusidagi ishlariga omad tiladi.
O‘quvchilar tomonidan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar, badiiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Tadbirda maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha tashakkurnomalar berildi.
Shuningdek, 2022-2023-o‘quv yili davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlandi.