Xalq ta’limi vazirligi maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni ko‘tarinki kayfiyatda va ortiqcha xarajatlarsiz o‘tkazishni so‘radi
Ma’lumki, har bir o‘quv yili yakunida 25 may kuni barcha maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tashkil etiladi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilda ham umumta’lim maktablarini bitirayotgan 438 mingga yaqin bitiruvchi uchun mazkur tadbirni karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berildi.
"Ota-onalar va maktab ma’muriyatlaridan ushbu tadbirni farzandlarimiz uchun faqat ijobiy kechinmalar bilan eslanadigan qilib, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishni iltimos qilamiz. Shu bilan birga, joylarda turli e’tirozlarning oldini olish maqsadida tadbirlarni ortiqcha xarajatlarsiz, xususan, o‘quvchilar orasida oilaviy sharoitidagi farqni salbiy ko‘rsatishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil alohida kiyim-kechak, bezak, sovg‘alar va shu kabilarga katta mablag‘ sarflamasdan bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda o‘tkazishlarini so‘raymiz", deyiladi vazirlik murojaatida.