Samarqanddagi 1113 ta ta’lim muassasasida ’’So‘nggi qo‘ng‘iroq’’ tadbirlari o‘tkazildi

Yakuniga yetayotgan o‘quv yilida viloyatdagi mavjud maktablarda ta’lim olgan 50 647 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirmoqda.

Ular orasidan 50 nafarga yaqini muddatidan oldin O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining talabalari bo‘lishga ulgurdi.

O‘quv yilini 571 nafar o‘quvchi oltin, 71 nafar o‘quvchi kumush medal bilan bitirmoqda.

Jomboy tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda 4-, 9- va 11-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Mazkur maktabni joriy o‘quv yilida 77 nafar o‘g‘il-qiz bitiryapti.

Tadbirda tuman hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi vakillari, faxriy o‘qituvchilar va boshqalar so‘zga chiqib, bitiruvchilarni qutladi.