Ayrim soliq tushumlarining 50 foizi tuman byudjetida qoldiriladi
Prezident 2024 yil 20 dekabrda “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon qabul qildi.
Unga ko‘ra, mahalliy hokimliklar mas’uliyati va hisobdorligini oshirish hamda ularning tashabbuskorligi, islohot va o‘zgarishlarga “egalik qilish” rolini kuchaytirishga qaratilgan tizim joriy etiladi.
2025 yilda respublika va hududlar kesimida iqtisodiy o‘sish, ishsizlik hamda kambag‘allik darajasini pasaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi moliyaviy imkoniyat va vakolatlar beriladi:
- 2025 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni to‘liq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar byudjetlariga o‘tkazish;
- mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga hamda ob’yekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.