Samarqand viloyati mahalliy byudjetiga 9 oylik tushumlar prognozi 114 foizga bajarilgan
Bu haqda kecha bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ma’lum qilingan.
Berilgan axborotga ko‘ra, hisobot davrida rejadagi 1 trillion 627,9 milliard so‘m o‘rniga haqiqatda 1 trillion 856,2 milliard so‘m mablag‘ tushirilgan. Ya’ni, prognoz rejaga nisbatan 228,3 milliard so‘m ortiqcha mablag‘ tushishiga erishilgan.
Shu davrda viloyat mahalliy byudjetining xarajatlar qismi 102,6 foizga ijro etilib, 3 trillion 677,9 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirilgan.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyida ijtimoiy-madaniy tadbirlar uchun 2 trillion 890,3 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilib, ta’lim sohasi bo‘yicha 1 trillion 815,7 milliard, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha 802,6 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirilgan.
Mahalliy byudjet ijrosi jarayonida byudjetdan ajratilgan mablag‘lardan joylarda foydalanilishi ustidan qattiq nazorat olib borilgan.
Shunga qaramasdan, davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda byudjet muassasalarida o‘tkazilgan 503 ta taftish va tekshirilardan 499 tasida 5 milliard 723,5 million so‘mlik maqsadsiz xarajat va kamomadlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Shundan 251 ta byudjet tashkilotlarida aniqlangan 5 milliard 103,9 million so‘mlik ortiqcha xarajat va kamomadlar bo‘yicha taftish hujjatlari huquqni muhofaza qilish idoralariga berilgan.
Yo.GADOYeV.