Oshirilgan stavkalarda soliq hisoblash amaliyoti o‘zgardi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 noyabrdagi PF-5868-sonli Farmoniga asosan 2019 yil 13 noyabrdan boshlab, 2017 yil 23 fevraldagi "Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-2796-sonli hamda 2018 yil 4 sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3928-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotdi.
Foydalanilmayotgan ob’yektlarga idoralararo komissiya xulosasi asosida oshirilgan stavkalarda soliq hisoblash amaliyotiga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritildi.
Eski tartib bo‘yicha mol-mulk va yer soliqlari o‘rnatilgan stavkaga nisbatan 6 oygacha ikki karra, 6 oy o‘tgandan so‘ng besh karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik 10 karra miqdorida qo‘llanilgan.
Joriy etilgan yangi tartib bo‘yicha mol-mulk va yer soliqlari o‘rnatilgan stavkaga nisbatan 3 oyga qadar ikki baravar, 3 oy o‘tgandan so‘ng besh baravar, 6 oy o‘tgandan so‘ng o‘n baravar, 12-oydan boshlab kelgusi har 12 oyda oxirgi oshirib qo‘llanilgan miqdorning ikki baravari miqdorida qo‘llaniladi.
Soliq solish rejimining o‘zgarishini talab qiladigan norma bekor qilindi. Ya’ni, avvalgi normada yuridik shaxslar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni soddalashtirilgan tartibda to‘lashdan umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazilgan.
Amaldagi norma bo‘yicha bo‘sh turgan ob’yekt egasi yuridik shaxs – yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi bo‘lsa, soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lash rejimini saqlab qoladi.
Tatbiq etiladigan soliq imtiyozlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, oldingi norma bo‘yicha qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan barcha soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishi to‘xtatilgan.
Joriy qilingan normada faqatgina mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha qo‘llanilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarining amal qilishi to‘xtatiladi.
Foydalanilmayotgan ob’yekt mulkdorlarini ob’yektni ishga tushirganidan so‘ng ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi.
Bunda avvalgi tartibda foydalanilmayotgan ob’yekt xo‘jalik faoliyatiga jalb etilganda faqatgina ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash to‘xtatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash natijasida hisoblangan soliqlarni mulkdorga qaytarish tartibi ishlab chiqildi.
Tuman (shaharlar)dagi ishchi guruh va sektor rahbarlari tomonidan xatlov o‘tkazish, xatlov natijalarini ishchi organga taqdim etish, ishchi organ tomonidan tasdiqlash uchun Idoralararo komissiyaga kiritish va xulosasini olish bilan bog‘liq jarayonlarning barchasi tugatildi.
Bularning o‘rniga bo‘sh turgan ob’yektlar davlat soliq xizmati organlari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadigan tizim joriy qilindi.
Avvalgi tartib bo‘yicha mol-mulkning qiymati mavjud bo‘lmaganda yoki “0”ga teng bo‘lganda ob’yektlarga nisbatan soliq hisoblash imkoniyati mavjud bo‘lmagan. Endilikda yangi norma bo‘yicha mol-mulkning shartli qiymati har bir kvadrat metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining Toshkent shahrida 8 baravari; Nukus shahri, viloyat markazlari hamda respublika va viloyatga bo‘ysunuvchi yirik shaharlarda 4 baravari; boshqa shaharlar va qishloq joylarida 2 baravari miqdorida belgilanadi. Bunda ob’yektning foydalanilmayotgan maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganda, hisoblangan soliq summasiga 1,5 baravar miqdordagi ko‘paytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan foydalanilmayotgan ob’yektlarni xatlovdan o‘tkazish, ishga tushirish va ularning hisobini yuritish bo‘yicha yagona dasturiy mahsulot ishlab chiqildi hamda vazirlik va idoralar (Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi) bilan integratsiya qilindi.
Maqsud RO‘ZIYeV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi.