Badanga shikast yetkazilsa, qanday jazo bor?
- Ukam o‘rtog‘i bilan janjallashib, hozir tergov beryapti. Unga “qasddan badanga yengil shikast yetkazish” aybi qo‘yildi, deyishdi. Mazkur jinoyat haqida kengroq ma’lumot bersangiz.
R.O‘ROQOV,
Samarqand shahri.
- Badanga shikast yetkazish, deganda inson organlari yoki organizmi to‘qimalari anatomik to‘kisligi yoki fiziologik funksiyasining tashqi ta’sir oqibatida buzilishi tushunilmog‘i lozim.
Badanga yetkazilgan shikastning xususiyati va og‘irlik darajasini aniqlash, odatda, tibbiyot organlari vakolatiga taalluqli bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 1992 yil 21 oktyabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan, badanga yetkazilgan shikast og‘irligini sud-tibbiy yo‘sinda belgilash qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
Shu sababli, badanga shikast yetkazilgan har bir holda JPK 173-moddasi birinchi qismining 1-bandi talabiga ko‘ra, sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanishi va o‘tkazilishi shart bo‘lib, uning xulosasi sud tomonidan qayd etilgan qoidalar va ishning boshqa materiallari asosida (JPK 187-moddasi) baholanishi lozim.
Sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud to‘rt oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Abdihakim OLTIBOYEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.