Bankdan yirik kredit qarzdorligi bo‘lgan tashkilotlar mulklari xatlanmoqda
Yaqinda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan faollari yig‘ilishida “Xalq banki” va “Agrobank” tomonidan jismoniy shaxslar va tadbirkorlarga ajratilgan muammoli kreditlar masalasi tilga olingandi.
Jumladan, yig‘ilishda tijorat banklaridagi kredit qarzdorligi haddan tashqari oshib ketgani aytilgandi. Bir qator yirik korxonalar bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan, to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lsada, milliardlab so‘mlik qarzdorlikni to‘lamasdan kelgani misollar bilan ko‘rsatilgandi.
Yig‘ilish so‘ngida viloyat hokimi tijorat bank va tegishli tashkilot rahbarlariga taklif va topshiriqlar berilgan edi.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ayni kunlarda tijorat banklari va Majburiy ijro byuro hamkorligida sudning tegishli qaroriga muvofiq jismoniy shaxs va tadbirkorlarning kredit qarzdorligini undirishga qaratilgan avtomobillar, traktor hamda savdo shoxobchalari xatlovdan o‘tkazilib jarima maydonchasiga qo‘yilmoqda.
Misol uchun, Agrobank tomonidan "Yangihayot ideal"MChJning garov ob’yekti bo‘lgan noturar joyi, "Shodmon bobo oltin dalalari"ga tegishli bo‘lgan traktor va “Neksiya-2” avtomobili kredit qarzdorligi uchun xatlanib, jarima maydonchasiga olib qo‘yilgan. Yana qator yirik qarzdorligi bo‘lgan korxonalarning mulklari xatlangan.
Majburiy ijro byurosi xabariga ko‘ra, olingan qarzdorliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa xatlov va jarima maydonchasiga olingan mulklar auksion savdolariga chiqariladi.