Baxtni yetaklaydi bu munis ayol!
Ayol! Yetmish ikki tomirida “bolam” degan ilohiy muhabbat mavjlangan, quvonganida kipriklariga quvonchning duri ilinib, og‘ringanida iztirobning ming bir tuynuklarida ko‘ksi tilinib yorug‘ kunlarini sog‘ingan qalb egasi.
Uning qiyofasida To‘marisning shijoatini, hayo pardasiga o‘ralgan Kumushbibi ibosini, Uvaysiyning nolasini, Nodirabegim g‘azallaridagi so‘zga oshnolikni, Halima Xudoyberdiyeva she’riyati nafasi ufurgan adabiyotga tashnalikni ko‘ramiz.
Ayol borki, farzandlariga ezgulik sog‘inadi, yorug‘ kunlarini, kamolini orzu qiladi. Umid daraxtini ko‘nglida ko‘kartirib, mehru-muhabbat bilan sug‘organ, mevasini orzulagan onaning farzandi - jamiyatning javohiridir. Kelajakda barkamol, bilimli, zukko, teran tafakkurli farzandlar tarbiyalashda ma’rifatli ayollarimizning o‘rni katta.
Har bir ona, har bir kelin, kitobga oshno bo‘lsa, uning olamida yashasa, farzandlari bilimdon, ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayadi. Go‘zal kelajakni orzulagan onalar hamisha or uchun, sha’n uchun kurashadi, farzandlarini oriyatli, mehnatsevar, sadoqatli qilib tarbiyalaydi. Xalqimizda "ta’lim va tarbiya beshikdan boshlanadi" degan hikmatli so‘z bor. Bu bejiz aytilmagan. Ona mehr-muhabbati, o‘tkir zehni, bilimi bilan jamiyatga har tomonlama fidoyi insonlarni voyaga yetkazadi. Uning allasida bolaning ma’naviy olami shakllanadi, qalbiga ezgu fazilatlar urug‘i sochiladi. Farzandlaringiz jismonan, ruhan, ma’nan komillikka erishib, yurt koriga yaraydigan, keksayganingizda belingizga quvvat, ko‘zingizga nur, qalbingizga huzur baxsh etolsa, demak tarbiyada adashmapsiz.
Go‘zal tarbiyali farzandlari ortidan eshitgan ehtirom ayolning tunlar o‘tkazgan bedorligi, bolaga bergan muhabbati mevasi. Har bir ayol shunday ehtiromga munosib. Millatning ertasi bo‘lgan bolajonlarimizga ma’naviyatni yoshlikdanoq singdirolgan, odob-ahloqni o‘rgatolgan, gunoh va savob, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, samimiy tuyg‘ularni qalbiga singdirolgan ona qahramondir. Unga har qancha ehtirom oz, unga har qancha ehtirom munosib.
Men sizni taniyman, siz o‘sha,
Shabnamga chayqalgan pokiza xayol.
Yuragi kaftiga atirgul ekib,
Gulshanlar yaratgan munisa ayol.
Men sizni taniyman, siz o‘sha,
Mehri-la dunyoni qilgan lol.
Ko‘nglida shukrona, dilida iymon
Atrini taratgan munisa ayol.
Men sizni taniyman, siz o‘sha,
Yonog‘i lolarang, so‘zi bol,
O‘pib ishqning peshonasidan
Baxtni yetaklagan munisa ayol!
Aziza Boymurodova,
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori.