Belarus - Litva: chegara mojarosi davom etyapti
Litva ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, qurollangan 12 Belarus askari Yevropa Ittifoqi va NATO chegarasini qisqa vaqt ichida kesib o‘tib, 35 muhojirdan iborat guruhni Litva hududiga majburan olib kirgan.
Kecha, 17 avgust kuni kechqurun vazirlik Vilnyus janubidagi Shalchininkay hududida muhojirlar bilan bo‘lgan to‘qnashuv paytida tasvirga olingan deb da’vo qilgan videoni taqdim etdi.
Litva Tashqi ishlar vazirligi Belarusga 12 nafar chegarachi Litva chegarasini kesib o‘tgani munosabati bilan Minskka norozilik notasini topshirdi.
"Biz Belarusga bu voqea qayd etilgani haqida xabar berdik, bu juda xavotirga soladi. Chunki biz buni yana bir provokatsiya, mavjud keskin vaziyatda haroratning ko‘tarilishi, deb bilamiz. Hatto provokatsiya deb baholanishi mumkin bo‘lgan hodisalardan tiyilishga chaqiramiz, haqiqiy provokatsiyalar haqida aytmasa ham bo‘ladi", dedi Litva TIV rahbari Gabrielus Landsbergis, uning so‘zlarini Sputnik Litva agentligi xabar qildi.
Video belaruslar Litva hududiga kirganini, chegara esa ularning orqasida ekanligini isbotlab turibdi. Vilnyusning ta’kidlashicha, bu "qabul qilib bo‘lmas ochiqdan-ochiq provokatsiya" va chegaraga qo‘shimcha kuchlar yuboriladi.
Avvalroq, Belarus chegarachilari, aftidan, xuddi shunday vaziyatni aks ettiruvchi o‘z videosini namoyish qilishgan. Ular Litva chegarachilarini odamlarni, jumladan bolalar va homilador ayollarni shafqatsizlarcha siqib chiqarayotganini aytib, muhojirlarga yomon muomala qilishda ayblamoqda. Lekin, ularga Belarus harbiylari hamrohlik qilgani aytilmagan.
Iyun oyidan beri 4 mingdan ortiq muhojir chegarani kesib o‘tganidan so‘ng, Litva chegarachilari 2 avgustdan boshlab pozitsiyani qattiqroq egallashi natijasida oqim kamaydi. Juma kuni Litva ichki ishlar vazirligi vaziyat "barqarorlashganini" ma’lum qildi.
O‘tgan dam olish kunlari Latviya chegarachilari xuddi shunday videoni joylashtirishdi. Unda harbiy kiyimdagi Belarus ofitserlari muhojirlarni chegaraga olib kelishgani tasvirlangan.
Germaniya kansleri Angela Merkel Belarus tomonidagi "gibrid agressiya" deb atagan voqeani qoraladi va chegarada muhojirlardan bunday foydalanish butun Yevropa Ittifoqiga hujum ekanligini aytdi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.