Finlandiya NATOga a’zo bo‘lganidan keyin Rossiya mudofaa kuchlari "chegara himoyasi"ni ishlab chiqa boshladi

Rossiya harbiylari Finlandiya NATOga qo‘shilgandan so‘ng shimoli-g‘arbiy chegaralarni mudofaa qilishni boshladi deya xabar tarqatdi mamlakat mudofaa vazirligi rasmiylari.

“5 aprel kuni Finlandiya NATO blokiga qo‘shildi. Shvetsiya alyansga kirishga tayyorlanmoqda. Bunday sharoitda havo hujumi mudofaa kuchlari mamlakatning shimoli-g‘arbidagi davlat chegarasini tahdidlar darajasi oshgan holda himoya qilish masalalarini ishlab chiqmoqda”, deyilgan Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida. "Chegara mudofaasi" aynan qanday ishlab chiqilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

4 aprel kuni Finlandiya NATOga a’zo bo‘ldi. Mamlakat 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay, Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ariza berdi. Bungacha Finlandiya neytral maqomdan voz kechishni rejalashtirmagan edi.

Finlandiya NATOga qo‘shilganidan so‘ng Rossiyaning alyans mamlakatlari bilan quruqlikdagi chegaralarining umumiy uzunligi ikki baravarga, 2500 kilometrdan oshdi.

Finlandiya bilan birgalikda Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Ammo Turkiya bilan kelishmovchilik sabab bu davlat hali alyansga a’zo bo‘lgani yo‘q: Anqara Stokgolmni kurd radikallariga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda ayblaydi.