Vilnyusda NATO sammiti davom etmoqda
Asosiy mavzulardan biri - Ukrainaning a’zoligi. Alyans Ukrainani qabul qilish shartlarini nomlashdan bosh tortgan. Zelenskiy ularni “zaif” deb tanqid qilgan.
Kecha, 11 iyul kuni Vilnyusda NATOning ikki kunlik sammiti ochildi. Uning asosiy mavzularidan biri ittifoqchilarning Ukrainaning alyansga a’zoligiga munosabati bo‘ldi. Kiyev alyans a’zolari noaniq formulalardan voz kechib, rasmiy jarayonni tezlashtirishini, Ukraina Rossiya bilan urush tugaganidan keyin NATOga qo‘shilishi kabi muhmallik va noaniq ifodalardan kechib, bu qanday va qachon sodir bo‘lishining aniq algoritmini taklif qilishini, shuningdek, mamlakatning ittifoqqa kirishi rasmiy jarayonini tezlashtirishini kutgan edi.
Sammit oldidan NATOning 31 davlatidan 20 dan ortig‘i Kiyevning alyansga qo‘shilish istagini qo‘llab-quvvatlagan. Ulardan ba’zilari Vilnyusda Ukrainani NATOga taklif qilishga chaqirgan. Boshqalar esa alyans Ukrainaning arizasini Rossiya bilan urush tugaganidan keyingina ko‘rib chiqishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu tariqa bu Rossiya bilan urushga olib kelishi mumkinligidan xavotirda bo‘lgan Germaniya Ukrainaning NATOga zudlik bilan qabul qilinishiga qarshi chiqdi. Qo‘shma Shtatlar Ukraina alyansga qo‘shilishga tayyor emasligini, ammo Vashington unga Isroilga bergan kabi xavfsizlik kafolatlarini berishi mumkinligini aytdi.
Vladimir Zelenskiy ittifoqchilarning Ukrainaga nisbatan qarorini tanqid qildi. “Ukrainaning taklif va a’zo bo‘lish muddati yo‘qligi misli ko‘rilmagan va bema’nilik. Ukrainani taklif qilish uchun "shartlar" haqida qandaydir g‘alati iboralar bor", dedi Ukraina prezidenti. Uning xulosasiga ko‘ra, ittifoqchilarning Ukrainani NATOga taklif etish yoki uni alyansga a’zo qilish istagi yo‘qligi Rossiya bilan muzokaralar olib borish imkoniyatini qoldiradi. “Rossiya uchun esa bu kelajakda terrorni davom ettirish motivatsiyasini anglatadi”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Sammitning yana bir muhim mavzui Turkiyaning Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilish tashabbusini blokdan chiqarish qarori bo‘ldi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini ratifikatsiya qilish haqidagi protokolni imkon qadar tezroq parlamentga yuborishga va uning ratifikatsiya qilinishini ta’minlashga rozi bo‘lgan. Buning evaziga Stokgolm Anqaraning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan va Turkiya terrorchi deb hisoblagan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlamasligini tasdiqlagan.
Rossiya NATO uchun eng katta xavfsizlik tahdidi deb topilgan. Bu haqda ishtirokchi davlatlar bayonotida aytiladi. Alyans Moskvani Ukrainaga bostirib kirishda aybladi, Rossiya Federatsiyasi tomonidan sodir etilgan xalqaro huquq buzilishini qoraladi, shuningdek, Ukraina hududlarining anneksiya qilinishini tan olmasligini bildirgan.