Bir bosh jo‘jaga 9 ming, chorvaga esa 2 million so‘mdan subsidiya ajratiladi

Lekin bugungi kungacha chetdan keltirilgan naslli jo‘jalarning bir donasi uchun ham bunday mablag‘lar berilmagan.

Viloyat Chorvanasl agentligi direktori Shuhrat Tashpo‘latovning ma’lum qilishicha, 600 ming bosh naslli jo‘ja uchun, 9 ming bosh chorvaga subsidiya ajratish rejalashtirilgan.

Qayd qilish lozimki, ajratiladigan subsidiyalar faqat tegishli uyushmalarga a’zo bo‘lgan sub’yektlarga xorijdan keltirilgan naslli hayvonlar uchun beriladi.

Ma’lumotga ko‘ra, "Jomboy naslli Parranda" fermer xo‘jaligining 146,6 ming, "Navobod naslli parranda" fermer xo‘jaligining 88,3 ming bosh naslli jo‘jalari uchun subsidiya ajratish uchun respublika tashkilotiga murojaat qilingan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Vengriya davlatidan keltirilgan “ROOS-308” zotli jo‘jalar uchun 2 milliarddan ko‘proq mablag‘ to‘lanishi kerak. Biroq bugungi kungacha biror so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilmagan.

Eslatib o‘tamiz, bu borada Prezidentimizning 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Mazkur hujjatga ko‘ra, xorijdan import qilingan jo‘jalar nasldor bo‘lish bilan birga, joriy yilning 29 yanvaridan keyingi shartnoma asosida olib kelingan bo‘lishi kerak.

O‘ylaymizki, viloyat Chorvanasl agentligi chet eldan belgilangan miqdorda nasldor jo‘jalar keltirilishi va ularga qaytarilmaydigan mablag‘lar ajratilishini ko‘rib chiqmoqda.