Jaloyirlik fermer 150 bosh sigirdan kuniga 4,5 tonna sut olyapti

Bundan 10-15 yil oldin kimningdir sigiri kuniga 3 litrdan ziyodroq sut beradigan bo‘lsa, momolarimiz “falonchining sigiri yaxshi chiqibdi”, deyishardi. Bugun esa chekka qishloqlarimizda bir kunda 30 litrgacha sut beradigan sigirlar bor.

Narpay tumanining Jaloyir qishlog‘idagi “Agro gold spring” fermer xo‘jaligida 400 boshdan ziyod ana shunday zotdor qoramol boqilmoqda. 150 bosh sog‘in sigirdan kuniga 4,5 tonnagacha sut sog‘ib olinmoqda.

Xo‘jalikka yosh fermer Farruh Xushiyev rahbarlik qiladi.

- Fermer xo‘jaligimizni 2013 yilda 5 gektar yerda 5 nafar ishchi bilan boshlagan edik, - deydi F.Xushiyev. – O‘sha paytda 10 bosh qoramolimiz bor edi. Qiyinchiliklarga sabr qilib, muvaffaqiyatlardan quvonib ishladik. Bugungi kunda xo‘jaligimiz hisobida 400 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, bu yil 50 gektarda paxta, 150 gektarda g‘alla yetishtirdik. Qolgani chorva uchun ajratilgan yer maydoni. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerdan unumli foydalanish maqsadida ozuqabop makkajo‘xori yetishtiryapmiz. 2018 yilda Niderlandiyadan 165 bosh zotdor qoramol olib keldik. Ularni ko‘paytirish bilan ham shug‘ullanyapmiz. Ayni paytda 100 ga yaqin buzoqlarimiz bor.

2021 yilda xo‘jalik qoshida sutni qayta ishlash korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.