Har juma kuni zotdor chorva mollarini ko‘paytirish va bo‘rdoqichilik xo‘jaliklari faoliyati tahlil qilinadi
Bu haqda Samarqand viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.
Gap shundaki, Prezidentimiz o‘tgan yilning 26 iyulida viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida ichki bozorda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash maqsadida har bir tumanda kamida ikkitadan bo‘rdoqichilik xo‘jaliklarini tashkil etish yuzasidan zarur vazifalar belgilab bergan edi. Shu asosda viloyatimizda bo‘rdoqichilik yo‘nalishida ixtisoslashgan xo‘jaliklar tashkil etish rejasi ishlab chiqildi va unga ko‘ra, viloyatda 27 ta bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan yirik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etilishi belgilandi.
2019 yilgi dasturga asosan Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida 3 ta xo‘jalik tashkil etilib, Germaniya va Belarus davlatidan bo‘rdoqiga boqiladigan zotdor qoramollar boquvi yo‘lga qo‘yilgan. 2020 yilgi dastur asosida esa 6 ta yirik chorvachilik xo‘jaligiga Qozog‘istondan zotdor qoramollar keltirilib, boqish boshlangan, xolos.
Biroq bu borada Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Toyloq, Payariq tumanlarida haligacha birorta loyiha bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olinmagan, amaliy ishlar deyarli boshlanmagan.
Yig‘ilishda viloyat hokimi E.Turdimov viloyatda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash dolzarb vazifa ekanini ta’kidlab, mutasaddilar oldiga bo‘rdoqichilik yo‘nalishida ixtisoslashgan xo‘jaliklarni tashkil etish bo‘yicha mavjud muammolarni hal etish, chetdan naslli qoramollar keltirish, sun’iy urug‘lantirishda zarur ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, haftaning juma kuni zotdor chorva mollarini ko‘paytirish, bo‘rdoqichilik xo‘jaliklari faoliyatini tahlil qilish, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan fermer va tadbirkorlarning bu boradagi muammolarini tinglash va hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar berdi.