Samarqandda qoramollari fermerning ekinini payhon qilgan qilgan fuqaro 4 milliondan ziyodroq jarima to‘ladi

Lazizbek 2019 yil 12 iyunda soat 18:00 larda ikki bosh qoramollarini Ishtixon tumanidagi fermer xo‘jaligi maydoniga tushirib, g‘alla maydonini payhon qilgan. Fermerning murojaatiga asosan tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislarining xulosasi bilan yetkazgan zarar miqdori aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan ma’muriy sudning qaroriga asosan Lazizbekka jarima jazosi tayinlangan.

Biroq Lazizbek yetkazilgan zararni qoplab bermagan. Shu bois, fermer xo‘jaligi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Sud ishida Lazizbek fermer xo‘jaligi raisi bilan yetkazilgan 4 million 320 ming so‘m zarar o‘rniga 2 million so‘m bir yo‘la naqd pul to‘lashga kelishib, ushbu miqdordagi mablag‘ni fermer xo‘jaligi raisiga berganligini bildirdi. Biroq mazkur holatni tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim eta olmadi.

Bundan tashqari, Lazizbek birinchi instansiya sudida ishtirok etgan vaqtda fermerga zarar summasini to‘lamaganligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan bo‘lsada, sudning qaroridan norozi bo‘lib apellyasiya shikoyatini bergan.

Ish bo‘yicha taraflarning tushuntirishini, guvohning ko‘rsatmasini, prokurorning hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish haqidagi fikrini tinglab, shikoyatdagi vajlarni ishda mavjud hujjatlar asosida tahlil qilib, apellyasiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Xusan AKOBIROV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining katta mutaxassisi.