Urgutda takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasi yaratilmoqda
Urgut tumanida 520 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu esa yerdan yanada unumli foydalanib, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish zaruratini taqozo etadi.
- Bu masalani hal qilishning samarali yo‘llaridan biri — maydonlarga takroriy ekinlarni ekishdir, - deb yozadi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov «Xalq so‘zi” gazetasida. - Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari tomonidan yaratilgan, takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarishga joriy etish ushbu masalani samarali yechishga xizmat qiladi.
Urgutda 28 ming gektar maydon ekin ekishga mo‘ljallangan bo‘lsa, undan 8 ming gektariga takroriy ekinlar ekiladi. Filialda yaratilgan takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasini yaratish bo‘yicha amaliy loyihasi qishloq xo‘jaligida asosiy ekindan so‘ng, shu yilning o‘zida hosil beruvchi o‘simliklarni ekishning sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, mazkur qurilmaning qo‘llanilishi suv sarfining 17,3 foiz tejalishiga va yonilg‘i sarfining 2,8 marta kamayishiga, mehnat unumdorligining esa 25 foiz oshishiga olib keladi.