Qishloq xo‘jaligi: kurash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasa zararkunanda va kasalliklar hosilning yarmini yo‘qotishi mumkin 

Har qanday davlatda oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti barqarorligiga erishish va saqlab turish, mahsulotlar narxi va miqdori keskin o‘zgarishining oldini olish asosiy masalalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston, xususan, Samarqand viloyatida ham qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik sohasida, paxta, g‘alla, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish hamda xalqni arzon va ekologik toza qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlashga eng asosiy masalalardan biri sifatida qaraladi albatta. 

Sohadagi asosiy muammolardan biri qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalari va kasalliklaridir. Kerakli himoya choralari ko‘rilmaganda ekinlar hosilining 50-60 foizi nobud bo‘lishi mumkin.

2024 qishloq xo‘jalik yilida qish mavsumi nisbatan iliq kamyog‘in bo‘lib zararkunanda hasharotlar va kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay sharoit bo‘lishi sababli viloyatimiz ekin maydonlarida ham qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalari ko‘p uchrashi bashorat qilindi.  Ekinlarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand mintaqaviy filiali xodimlari tomonidan keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatda 2023 yil davomida joylardagi fitosanitar nazorat davlat inspektorlari tomonidan g‘allada 94230 gektar maydonda, bog‘zorlarda 23853 gektar maydonda, tokzorlarda 30417 gektar maydonda, sabzavot 26987 gektar maydonda, poliz ekinida 1565 gektar maydonda hamda issiqxonalarda 348 gektar maydonda kuzatuv nazorat ishlari o‘tkazilgan.

Soha olim va mutaxassislari tomonidan joriy yilda g‘alla maydonlaridan bir yillik ikki pallali begona o‘tlar 94,2 ming gektar maydonda, ikki pallali begona o‘tlar 60 ming gektar maydonda, boshoqli begona o‘tlar 55,0 ming gektar maydonda, “zang” va boshqa kasalliklar 94,2 ming gektar  maydonda hamda 42,8 ming gektar maydonda zararkunandalar tarqalishi bashorat qilingan.

G‘alla nihollarini o‘z vaqtida yaxshi rivojlanib, hosildorligini oshirish, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirish maqsadida har 5 gektariga 1 tadan jami 18,8 ming dona sharbat o‘ralar qazish va gektariga 3 tonnadan jami 282,4 ming tonna mahalliy o‘g‘it chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, g‘alla maydonlarida 18,8 ming dona sharbat o‘ralar qazish ishlari hamda 290,1 ming tonna mahalliy o‘g‘it chiqarish tadbirlari to‘liq bajarilgan.

G‘o‘za maydonlarida 24 ming gektar maydonda shira-trips, 30 ming gektar maydonda o‘rgimchakkana, 26,4 ming gektar maydonda ko‘sak qurti zararkunandalari tarqalishi bashorat  (prognoz) qilingan.

Bashoratga nisbatan g‘o‘za maydonlarida shira-tripsga qarshi 46,7 ming gektar yoki (193,8%), o‘rgimchakkanaga qarshi 34,6 ming gektar yoki (103,2%), ko‘sak qurtiga qarshi 27,1 ming gektar yoki (108,1%) maydonga paxta to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan kimyoviy vositalar zaxirasi to‘liq yaratildi.

Qishloq xo‘jalik ekinlaridan ekologik toza mahsulot yetishtirish uchun ekinlarni zararkunanda va kasalliklardan biologik usulda himoya qilish, zaharli kimyoviy preparatlarni kamroq va rejali ishlatish zarurligi bugungi kunda hammaga ayon. Bunda viloyat xo‘jaliklaridagi biolaboratoriyalarning samarali ishlashi ham muhim. Hozir viloyat tumanlarida jami 32 ta biolaboratoriyalar faoliyat yuritmoqda. Ularda qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan trixogramma, brakon va oltinko‘z kabi biologik mahsulotlar yetishtiriladi. Jumladan, 2023 yilda g‘o‘za maydonlarida shira-tripslarga qarshi 171,3 ming gektar, o‘rgimchakkanaga qarshi 255,5 ming gektar maydonga oltinko‘z, ko‘sak qurtiga qarshi profilaktika maqsadida 278,3 ming gektar maydonga trixogramma, 224,1 ming gektar maydonga brakon biomahsulotlari bilan biologik ishlovlar o‘tkazildi.

G‘o‘za maydonlarida ko‘sak qurti kapalagini tarqalishi va rivojlanishini nazorat qilish uchun har gektariga bir donadan jami 75,3 ming dona feromon tutqichlar o‘rnatilgan.

Viloyatda 2024 yil mavsumi uchun g‘alla xosilini yetishtirishda g‘allaning sariq va qo‘ng‘ir zang, qora kuya, ildiz chirish kabi xavfli kasalliklari hamda zararkunandalar bilan zararlanishini oldini olish uchun urug‘lik donni o‘z vaqtida sifatli dorilash maqsadida fitosanitar nazorat davlat inspektorlari nazorati ostida 29,1 tonna urug‘lik don belgilangan tartib va me’yorlar asosida dorilangan.

O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy tadqiqot instituti xodimlari hamda fitosanitar nazorat davlat inspektorlari agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklariga, issiqxona va aholi tomorqa xonadonlariga kirib, O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan yo‘riqnomalar, tavsiyanomalar (flayerlar) o‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar, issiqxona va aholi tomorqa yer egalariga yetkazildi.

Bundan tashqari g‘alla yetishtiriladigan maydonlarda va dala chetlarida begona o‘tlarni va ulardan boshlab tarqalishi mumkin bo‘lgan zararkunanda organizmlar o‘choqlarini yo‘qotish maqsadida kam zaharli bo‘lgan kimyoviy vositalar bilan ishlov berish tavsiya qilinadi. Viloyatimizda biolaboratoriyalar ishini yanada yaxshilash, ular ish unumi va sharoitlarini yuqori darajaga ko‘tarish, biologik mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish zarur.

Viloyatda biolaboratoriyalar ishini yaxshilash hamda o‘simliklarni zarakunanda va kasalliklardan samarali himoya qilish uchun birinchi navbatda albatta yuqori malakali va bilimli kadrlarga ehtiyoj seziladi. Hozir Samarqand viloyatida 2 ta oliy ta’lim muassasasida, ya’ni Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Samarqand davlat universiteti qoshidagi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutlarida o‘simliklar karantini va himoyasi yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun qishloq xo‘jalik ilmini yuqori darajaga ko‘tarish va soha uchun malakali mutaxassislar yetishtirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu masalaga Prezident farmonida alohida e’tibor qaratilgan. Unda ilmiy-tadqiqot, ta’lim va axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatishni o‘zaro bog‘laydigan qishloq xo‘jaligiga oid bilim va axborotlarni tarqatish bo‘yicha samarali tizimning yo‘qligi sohani ilmiy asosda rivojlantirishdagi eng jiddiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda ilmiy-tadqiqotlar uchun davlat investitsiyalari darajasi qishloq xo‘jaligi umumiy byudjetining 0,2 foizini tashkil etadi. Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning samarali mexanizmlari mavjud emasligi davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy kilishni sezilarli darajada cheklayotganligi ta’kidlab o‘tilgan. Farmonga asosan O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti O‘simliklar karantini va himoyasi Agentligi tusarrufiga o‘tkazilgan va hozir O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti deb ataladi. Shu bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand mintaqaviy filiali ham tashkil qilingan bo‘lib, unda sohaga oid ilmiy darajali mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. 

Hozirgi vaqtda Respublikamizning ko‘pgina viloyatlaridagi kabi viloyatimizda ham “O‘simliklar klinikalari” tashkil qilingan bo‘lib, ular dehqon va fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlaridagi va hatto shaxsiy tomorqa xo‘jaliklaridagi ekinlarning zararkunanda va kasalliklari to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berib, ularni bartaraf qilish yuzasidan maslahatlar berib bormoqda.

Umuman olganda O‘zbekiston Respublikasi kishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2021-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi juda kerakli vaqtda qabul qilingan va u bundan keyin ham Respublikada qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda soha xodimlari, mutaxassislari va dehqonlarga asosiy dastur bo‘lib xizmat qiladi deb o‘ylaymiz.

Shomurod O‘razov, O‘simliklar karantini va himoyasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.

Burxon Fayzullayev, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand mintaqaviy filiali direktori.

Quvonchbek Tursunov, kichik ilmiy xodim.