Qorasuvdagi chiqindilar nega vaqtida olib ketilmayapti?

Samarqand shahar Qorasuv massividagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotganlar chiqindi hididan aziyat chekmoqda. Sababi, ko‘p qavatli uylardan chiqadigan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayapti.

Masalan, 76-ko‘p qavatli uyning orqa tomonida chiqindi uchun uchta quti o‘rnatilgan. Unga shu hududdagi 70, 71, 72 va 76-uyda istiqomat qiladigan aholi chiqindi tashlaydi.

Keyingi vaqtlarda chiqindi o‘z vaqtida olib ketilmaganligi bois qutilar to‘lib, ularning atrofi chiqindilar uyumiga aylanib qoldi. Hatto ariqlar ham chiqindilarga to‘ldi. Agar shamol bo‘lsa, atrof polietilen paketlarga to‘lib ketadi.

Har zamon “Toza hudud” DUK Samarqand shahar filiali tomonidan chiqindilar nomiga olib ketilyapti. Ariqlardagi chiqindilar har safar qolib ketayotganidan atrofni badbo‘y hid bosib ketdi.

Shuningdek, ushbu hududda shahardagi 81-maktab va futbol akademiyasi joylashgan. Aholidan tashqari maktab bolalari ham shu havodan nafas oladi. Yozning issiq kunida har xil yuqumli kasalliklarga sharoit yaratib berayotgan “Toza hudud” DUK Samarqand shahar filialidan nega chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotganini so‘rab qolamiz.

Shu yerda istiqomat qiluvchi aholi nomidan Xurshida Ernazarova.