Sovuq bizga qancha zarar keltirdi? Mutaxassislar sovuqning zararini hisoblab chiqdi

Fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida haroratning ko‘tarilishi tufayli bodom, o‘rik kabi mevali daraxtlar gulga kirgandi. Ammo 23-26 fevral kunlari mamlakatimizga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismidan sovuq va nam havo kirib kelishi bilan gullagan daraxtlarni sovuq urdi.
Xo‘sh, bu yilgi hosil qanday bo‘ladi?

Samarqand viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari sovuqning zararini hisoblab chiqdi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozir viloyatimizda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 35 ming gektardan ortiq bog‘ bor va uning qariyb 26 ming gektari hosilga kirgan bog‘ hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur bog‘ maydonlarining 2 498 gektari, ya’ni jami bog‘ maydonining 10 foizi sovuqdan zararlangan. Sovuqdan ko‘p zarar ko‘rgan hududlar Nurobod tumani (28 foiz), Qo‘shrabot tumani (22 foiz), Narpay tumani 15 foizni tashkil qiladi. Eng kam zarar esa Samarqand, Bulung‘ur tumanlari (6 foizdan), Oqdaryo tumani (7 foiz)da kuzatildi.

Jumladan, o‘rik maydonining 45, shaftoli 14, olxo‘ri 17, gilos 35, bodom 63 foiz hosil zararlangan. Viloyatimizdagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida mavjud 23,8 ming gektar bog‘ning 8 foizi, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida 11,1 ming gektar bog‘ning 13 foizi sovuq ta’sirida zarar ko‘rgan.

Mutaxassislarning aytishicha, ochiq maydondagi mevali daraxtlar ko‘p gulga kirmaganligi tufayli sovuq katta zarar yetkazmagan. Biroq aholi maskanlari, tomorqalarda joylashgan mevalar issiq kunlarda erta gullaganligi uchun sovuq urgan.

O‘ktam Xudoyberdiyev.