Kattalar va bolalar kuniga qancha meva-sabzavot iste’mol qilishi kerak?
Semizlik — ko‘plab xavfli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil. Mutaxassislar ortiqcha vazn yuzaga kelishiga asosan nosog‘lom turmush tarzi, jumladan, noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘lishini ta’kidlaydi.
Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining alohida tavsiyalari ham bor. Unga ko‘ra, kundalik yog‘ iste’moli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan oshmasligi zarur. Xususan:
10 foizgacha — to‘yingan yog‘li kislotalar (yog‘li go‘sht, sut mahsulotlari, qatiq, sariyog‘ va boshqa turdagi yog‘lar);
1 foizgacha — sanoat yo‘li bilan ishlab chiqarilgan transyog‘lar va hayvon yog‘lari.
Qolaversa, shakar iste’molini cheklash ham sog‘lik uchun juda foydali. Bu mahsulotning kunlik me’yorini 25-30 grammdan oshirmaslik (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi ham hisobga olingan) tavsiya etiladi.
Uning o‘rniga sifatli uglevodlarni iste’mol qilish foydali ekanligi qayd etilgan.
Har bir inson o‘z organizmi uchun zarur uglevodlarni, birinchi navbatda, don, sabzavot, meva va dukkakli mahsulotlardan olishi kerak.
Xususan, kattalar kuniga kamida 400 gramm meva-sabzavot tanovul qilishi maqsadga muvofiq.
Bolalar va o‘smirlarning kunlik meva-sabzavotlar iste’moli esa quyidagi miqdorda bo‘lishi tavsiya etiladi:
➡️ 2-5 yosh — kamida 250 gramm;
➡️ 6-9 yosh — kamida 350 gramm;
➡️ 10 yosh va undan kattalar — kamida 400 gramm.
Eslatib o‘tamiz, JSST 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semizlikdan aziyat chekishini prognoz qilgan. Olimlar fikricha, bu global muammoga sog‘lom turmush tarzi orqali samarali yechim topish mumkin, deb xabar beradi sog‘liqni saqlash vazirligi.