Jomboyda 41 yoshli ayol ekin maydoniga qoramol tushirgani uchun kaltaklandi
Ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik ayol kaltaklangani aks etgan videolar tarqaldi. Ushbu holatga viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
"Jomboy tumanida yashovchi ayolning kaltaklangani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 1982 yilda tug‘ilgan ayol M.R. va turmush o‘rtog‘ining akasi A.R. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Fermer xo‘jaligi ishchisi bo‘lgan A.Ravshanov fermer xo‘jaligi ekin maydoniga qoramoli tushgani uchun M.R.ga tan jarohati yetkazgan. Ayni vaqtda bemorning salomatligi, huquqiy himoyasi doimiy nazoratda. Tuman IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilyapti.
Viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova shu vaqtning o‘zida tuman tibbiyot birlashmasiga borib, ayol M.R.ning holidan xabar oldi.
Ayol shu yilning 30 may kuni yuz va qo‘l-oyoq sohasidagi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, ayni vaqtda ahvoli nisbatan qoniqarli. Shifokorlar tomonidan barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilyapti. Boshqarma boshlig‘i hamda mutaxassislar ishtirokida ayolga huquqiy va psixologik ko‘mak berildi", deyiladi munosabatda.