Birikkan elni hech kim, hech qanday kuch yenga olmaydi
Nukus shahrida sodir bo‘lgan norozilik namoyishi nafaqat qoraqalpoq xalqini, balki butun respublikamiz aholisini xavotirga soldi.
Qoraqalpoq xalqi tanti, mehnatkash, yangilikni katta qiziqish bilan qarshi oladigan xalq. Buni men ko‘p yillar Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi mutaxassisi, «Mahalla» fondi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, keyinchalik esa Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlaganimda yaqqol anglaganman.
O‘sha paytlar faoliyatim taqozosi bilan har yili 2-3 bor Qoraqalpog‘istonning turli hududlariga borganman. Onalikni muhofaza qilish, mahalla hayoti, shuningdek, siyosiy-ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirganimizda har bir qoraqalpoq odamlari biz bilan bir safda turib, bu ezgu ishlarni tezroq amalga oshirilishi uchun ko‘maklashgan.
Ayniqsa, Orol fojiasi, u qoldirgan asoratlarning oldini olish, bu yerda bugungi kun, orolbo‘yida yashovchi aholi talablaridan kelib chiqib qanday loyihalar amalga oshirish zarurligi haqidagi istiqbolli loyihalarimizda tashabbuskorlardan bo‘lishgan.
Bugun jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga qarshi mardona turib, vaziyatni oqillik bilan hal etish kerak, deb o‘ylayman. Bu borada Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston xalqiga murojaatida ta’kidlaganidek, hamjihat bo‘lish, vaziyatga nisbatan oqilona ish ko‘rish, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslik zarur. Muhimi, qoraqalpoq xalqi osoyishtaligi uchun birlashishimiz kerak. Zotan, birikkan elni hech kim, hech qanday kuch yenga olmaydi.
Gavhar Alimova,
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi.