Qoraqalpog‘istonda ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlarga sud hukmi o‘qildi

Sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard so‘mdan ortiq zarar sudlanuvchilarning xatlovga olingan mol-mulklari hisobidan qoplanadi.

Bugun, 2023 yil 31 yanvar kuni Buxoro viloyat sudida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Salamat Kalilayev Jinoyat kodeksi (JK)ning 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanildi va jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilandi;

Berdax Genjebayev JKning 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi “b” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 4 yil 10 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilib, unga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasi bekor qilindi.

Nurlan Sultamuratov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil;

Polat Nurniyazov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 4 yil;

Qaharman Seytimov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 5 yil;

Saiipnazar Kalimov bilan Arislan Temirxanov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, har biri 6 yildan;

Polat Shamshetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 57-moddalari qo‘llanilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil;

Amirbek Adilbekov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 7 yil;

Baxtiyar Kadirbergenov JKning 244-moddasi 3-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 7 yil;

Seydabulla Medetov bilan Nurlan Nayipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida, xar biri 7 yildan;

Razbek Bekmuratov JKning 244-moddasi 3-qismi va 247-moddasi (o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;

Sultanbek Kaipov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 8 yil;

Dao‘letmurat Djiyemuratov JKning 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi bilan aybsiz deb topilib, Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK)ning 83-moddasi (reabilitatsiya asoslari) 3-bandiga asosan oqlanib, JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 8 yil;

Bayram Seytniyazov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 8 yil;

Allabay Toqimbetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazolariga sudlandilar.

Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi belgilanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Bundan tashqari, sud qarori bilan Azamat Nuratdinov JKning 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib, JKning 59-moddasi tartibida 5 yil;

Axmet Smetullayev JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llanilib 5 yil;

Azamat Turdanov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 45, 57-moddalari qo‘llanilib 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilga sudlandilar.

Ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan A.Nuratdinov, A.Smetullayev va A.Turdanov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Lolagul Kallixanova sodir etgan jinoyat jazosi 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Dauletmurat Tajimuratov JKning 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard so‘mdan ortiq zararning 256 million so‘mi qoplanganligi inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanganlardan solidar tartibda undirish, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan 228 million so‘m zararni sudlangan D.Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo‘lib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, jinoyat ishini tergov qilish davomida yo‘l qo‘yilgan ayrim xato-kamchiliklarga nisbatan xususiy ajrim chiqarildi.