Nukus tumanini har tomonlama rivojlantirish uchun Samarqand viloyati tomonidan 898,5 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqilgan
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir viloyatga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tumanlar biriktirilib, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish dasturlari belgilab berilgandi.
Xususan, viloyatimizga Nukus tumani biriktirilib, u yerda aholini ish bilan ta’minlash, tibbiy, ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, qurilish-bunyodkorlik, ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda.
Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, qurilish-bunyodkorlik ishlari, yangi korxonalarni ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish maqsadida 898,5 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqilgan.
Birgina madaniy-ma’rifiy sohada 13,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Aqmang‘it, Baqanshaqli, Arbashi, To‘ktov, Kerder mahallalari uchun yangi mahalla markazi binosi, kutubxona, kasb-hunarga o‘qitish markazi, ta’mirtalab madaniyat uyi o‘rnida yangi bino qurish ishlari olib borilmoqda. Aholini sportga jalb qilish uchun mini stadion, 10 ta mahallada WORK OUT maydonchasi tashkil etildi.
- 102,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga “Imam Eshan” masjidini kapital ta’mirlash, 6,5 gektar maydonda xotira xiyoboni barpo etish, dehqon bozori bilan birga, zamonaviy yirik savdo majmuasi qurish va tuman markazidagi istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda, - deydi viloyat shtabi vakili Husan Shermatov. - Tuman markazidagi mavjud 4 ta ikki qavatli uyning tom qismi, 5 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanmoqda va atrofi obodonlashtirilmoqda. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 3 ta suv nasosi o‘rnatish, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 10 ta transformatorni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash ob’yektlaridagi sharoitni yaxshilash uchun 1,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘ hisobidan umumta’lim maktablarida ortiqcha yuklamani kamaytirish uchun Baqanshaqli mahallasidagi 2 va 15-maktabda qo‘shimcha bino qurilmoqda. Tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida tuman markaziy shifoxonasiga 3 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilindi.
- Viloyatimizdagi o‘ndan ortiq malakali vrachlar ishtirokida Nukus tumani aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi, - deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Ko‘rik davomida jami 322 fuqaro, 48 nafar uyda yotoqda qolgan fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 19 ta yuqori texnologik operatsiya o‘tkazildi. Ro‘yxatda turgan 42 nafar fuqaro to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 3 ta kardiojarrohlik, 6 ta oftalmologik, 1 ta travmatologik, 1 ta neyroxirurgik, 2 ta xirurgik kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi. Shuningdek, qo‘shimcha 280 bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uyida yotib qolgan 48 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti bajarildi. 42 nafar ehtiyojmand va bemor fuqaro Samarqand shahrida davolandi.
Tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 100 nafar farzandi Urgut tumanidagi “Chorchinor” oromgohida sog‘lomlashtirildi. Kam ta’minlangan 8 oilaning uy-joyi ta’mirlanmoqda, 300 xonadonga 10 mingdan ortiq mevali daraxt ko‘chati berildi, 250 xonadonda issiqxonalar tashkil etildi. Oilalar daromadini oshirish va bandlikni ta’minlash uchun 200 xonadonga 6 ming bosh parranda va 3 ta mahallaga 10 ta inkubator, 20 ta xonadonga 80 bosh echki tarqatildi.
Qaysi hudud bo‘lmasin, tadbirkorlikni rivojlantirmasdan, ishsizlikni kamaytirib, aholi daromadini oshirmasdan turib, iqtisodiy farovonlikka erishib bo‘lmaydi. Shu bois viloyatimiz mas’ullari tomonidan Nukus tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish borasida 513,1 milliard so‘mlik 34 ta loyiha ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Nukus tumanining "Qirontov" ovul fuqarolar yig‘ini Sho‘rtanboy qo‘rg‘oni aholisi shu kungacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Viloyat hokimligi tomonidan qurib bitkazilgan yangi “Aqmang‘it Kamalak invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik korxonasining ishga tushirilishi esa bu yerda yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilgan dastlabki loyiha bo‘ldi.
- Bu yerda qiymati 5,4 milliard so‘mlik loyiha asosida korxonamizning tekstil va kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan filialini tashkil etdik, - deydi korxona ijrochi direktori Murodjon Abdullayev. – Hozirda korxonada 100 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, keyingi bosqichda 150-170 nafar ayollar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Korxonaga Turkiyadan mutaxassislarni olib keldik. Xomashyo esa Samarqand va Toshkent viloyatidan keltirilmoqda. Ushbu korxonada yiliga 100 ming dona bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulot hozircha ichki bozorga, keyinchalik xorijga sotilishi rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi iqtisodiy taraqqiyotning muhim sohalaridan hisoblanadi. Tumanda bu yo‘nalishni rivojlantirish, daromadli sohaga aylantirish maqsadida 10,2 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqildi.
- Nukus tumanida dastlab mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganishlar olib borilib, foydalanishdan chiqqan 2176 gektar yer maydonini ekin ekishga mos yerga aylantirish choralari ko‘rildi, - deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Hakimov. - Hozirda ushbu maydonlarning 524 gektarida poliz-sabzavot, 950 gektarida ozuqa, 500 gektarida dukkakli, 82 gektar maydonda moyli ekinlar ekildi va 120 gektar bog‘ yaratildi. Irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari doirasida 40 kilometr ichki ariqlar, 10 kilometr zovur va kollektorlar tozalandi. Suvsizlikka chidamli, tez hosilga kiruvchi yuqori daromadli meva ko‘chatlari o‘tqazildi. Aholiga dehqonchilik va qishloq xo‘jaligida malakasi bo‘lmagan ekin va o‘simlik turlarini yetishtirish, daromad olish bo‘yicha ko‘mak berildi. Mahsulot yetishtirishning ko‘p yillar oldingi usulidan voz kechib, sug‘orish va dehqonchilikning bugungi zamonaviy tizimlari ko‘rsatildi. Qardoshlarimiz cho‘l hududida mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirishning hadisini olgan. Qishloq xo‘jaligidagi yangiliklarni tez o‘zlashtirishmoqda, har bir yangi ekin, zamonaviy vositalarga qiziqishi baland.
Viloyatimiz mas’ullari Nukus tumanini yanada obod go‘shaga, ishlab chiqarish va iqtisodiy barqaror hududga aylantirish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.