Qoraqalpog‘istonda havodan ichimlik suvi olish yo‘lga qo‘yildi

Qoraqalpog‘istondagi Chimboy tumani meteostansiyasida atmosfera havosidan ichimlik suvini ishlab chiqarish “atmosfera suv generatori” qurilmasi tajriba tariqasida ishga tushirildi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

7 ta tozalash filtridan iborat Airaqua qurilmasi ichimlik suvi yetib bormagan va yetkazib berish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadigan hududlarga moslashtirilgan. Innovatsion texnologiya sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi va keyinchalik uni respublikadagi boshqa meteostansiyalarga ham o‘rnatish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, ushbu moslama distillangan suvdan ham tozaroq suv olish imkonini beradi.

Qurilma atmosfera havosi namligiga va haroratga qarab kuniga taxminan 12 litrdan 30 litrgacha ichimlik suvi yetkazib bera oladi. Moslama ko‘p quvvat (1 kVt) talab qilmaydi.