Suvning qadriga qachon yetamiz?

Zarnews.uz saytida shu yil 15 iyunda berilgan "Suvning narxini bilasizmi? Qadrini-chi?" maqolasini  o‘qib, ayrim fikrlarimni aytishni lozim ko‘rdim.

"Arab davlatlarida bo‘ldim. Sayohatim davomida shu narsaga amin bo‘ldimki, biz yerdagi jannatda yashar ekanmiz. U yerlar sahro, biror burchakda yashillikni ko‘rsangiz, ko‘zingiz quvnaydi. Ichimlik suvi esa mahalliy aholi nazdida eng katta boylik, tom ma’noda obi hayot. Biz-chi? Uning qadrini unutgandekmiz".

Bu yaqinda Umra safarida bo‘lib qaytgan Haqnazar otaning so‘zlari. Umuman, muqaddas ziyoratda bo‘lgan kim bilan suhbatlashmaylik, ular hikoyasini shunday fikrlar bilan boshlamoqda. Xalqimiz emin-erkin foydalanayotgan, ko‘p hollarda isrof qilayotgan ichimlik suvi kimlar uchundir bebaho ne’mat ekanligi haqiqat. Lekin bir kun kelib, bizning boshimizga ham shunday kunlar tushishi mumkinligini bilamizmi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, agar suvni tejamay ishlatishda davom etsak, 2030 yilga borib, O‘zbekiston ham dunyodagi suv taqchil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Global iqlim o‘zgarishlari oqibatida 2050 yilda Sirdaryoda suv hajmi 5 foiz, Amudaryoda esa 15 foizgacha kamayishi mumkinligi haqidagi taxminlar bor. Boshqa tomondan esa suv hajmi kamayib borishiga nomutanosib ravishda aholi soni tinimsiz o‘sib bormoqda. Bulardan xulosa qilish mumkinki, suv tanqisligi muammosi bilan yuzma-yuz kelishimizga ko‘p vaqt qolmagan va ayrim hududlarda yer osti suvlarining muttasil chekinib borayotganligi buning isboti.

Xo‘sh, nima qilish mumkin?

Bugun har birimiz o‘zimizga berishimiz kerak bo‘lgan asosiy savol shu. Sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi suv sarfini tahlil qilish uchun mutaxassis kerakdir, ammo biz islohotni o‘zimizdan boshlashimiz mumkin. Ochiq qoldiriladigan jo‘mraklar, keragidan ortiq yoki maqsadsiz sarflanadigan suv, bular biz uchun hech nimani anglatmaydi. Biroq 37 million odam shunday yo‘l tutsa, nima bo‘ladi? Aksincha, shuncha odam bir litrdan suvni tejasa-chi?

Yaponiyada yoshlarga yuvinish uchun bitta kichik idishda suv berilar ekan. Bu orqali ular yoshlarga ichimlik suvini isrof qilmaslikni o‘rgatadi. Biz esa haligacha kattalarning o‘ziga tish yuvayotganda yoki soqol olayotganda suvni oqizib qo‘ymaslikni o‘rgata olmayapmiz. Uyida ichimlik suvini ochib qo‘yib, mashina yuvadigan odam bir martada 350-400 litr suv sarflashi mumkin ekan. Holbuki, shu ishni 35 litr suv bilan ham bajarsa bo‘ladi.

Keyingi vaqtda aholining ichimlik suvidan foydalanish madaniyatini oshirish uchun narx tariflarini oshirish taklifi ham aytilmoqda. Nazarimizda, bu tartib kam daromadli fuqarolar yelkasiga qo‘shimcha yuk bo‘ladi, xolos. Ularning asosiy qismi, shusiz ham ichimlik suvi soatbay beriladigan yoki quduqlardan olinadigan hududlarda istiqomat qiladi. Shunday ekan, muammoni boshqacha, tushuntirish, targ‘ibot va namuna ko‘rsatish yo‘li bilan bartaraf qilish maqsadga muvofiq. Misol uchun, bolalarga bog‘chada suvni isrof qilmaslik amaliy mashg‘ulotlar tarzida o‘rgatilishi, shu mavzuga bag‘ishlangan multfilm va teatr tomoshalari qo‘yilishi mumkin. Kattalarga kelsak, bu borada ijtimoiy roliklar va jamoat e’tiborida bo‘lgan mashhur shaxslar va mansabdorlar shaxsiy namuna ko‘rsatadigan kontentlar ko‘paytirilsa, ta’siri yaxshiroq bo‘lar edi.

To‘g‘ri, bu bilan muammo tez hal qilinmas, lekin hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, har ishda, har bir sohada suvni tejashga o‘rgansak, tanqislikning oldini olish mumkin. Donolarimiz «Toma-toma ko‘l bo‘lur», deb bejiz aytishmagan-ku.

Hikmatillo Tohirov.