Samarqandlik malakali shifokorlar nukuslik bemorlarni davoladi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25-26 mart kunlari samarqandlik bir guruh malakali shifokorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirdi.

Tadbir davomida 322 nafar fuqaro hamda 48 nafar uyda yotoqda qolgan bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 19 ta yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi.

-  Nukus tibbiyot birlashmasida ikki kun davomida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka viloyatimizdan 10 nafar malakali mutaxassis jalb etildi, - deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Babajonov. - Ular tomonidan aholining salomatligi borasida tibbiy tashxis qo‘yish bilan birga, kardiojarrohlik, oftalmologik, travmatologik, neyroxirurgik va xirurgik kasalliklar bo‘yicha jarrohlik amaliyoti ham amalga oshirildi.

Shu bilan birga ro‘yxatga kiritilmagan 280 bemor ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 6 nafari operatsiya qilindi.