Kattaqo‘rg‘on shahri O‘zbekistonning Las-Vegasi bo‘la oladimi?
Gavhar Alimova viloyatdagi hokimlar, qolaversa, parlament yuqori palatasiga hududdan saylanganlar orasida yagona ayol kishi. U Kattaqo‘rg‘on shahrida hokim sifatida ish boshlaganiga salkam 2 yil bo‘ldi.
Xo‘sh, shu davrda shaharda nimalar o‘zgardi, nimalarga uning ham qo‘li kaltalik qilyapti? Viloyatimizdagi ikkinchi yirik shaharda yana qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Avvalroq Kattaqo‘rg‘on shahri O‘zbekistondagi eng namunali shaharlardan biri bo‘ladi (balki O‘zbekistonning Las-Vegasi bo‘lar), degan gaplar chiqqandi. Bu qanchalik asosli?
Shu va boshqalar haqida bilish uchun Oliy Majlis Senati a’zosi, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi G.Alimovaga murojaat qildik.
- Gavhar Zayirovna, aytingchi, aynan Sizning tashabbusingiz yoki rahbarligingizda Kattaqo‘rg‘on shahri aholisi yoki shahar hayotida nima o‘zgarish bo‘ldi?
Qanday rejalar, ishlarga ulgurmadingiz yoki hokim bo‘la turib qo‘lingiz kaltalik qilyapti?
- Bu lavozimda faoliyatimni boshlashim pandemiya davriga to‘g‘ri keldi. Shu bois, to‘g‘risi, boshida ozroq hadik bor edi. Lekin shaharning ziyoli xalqi, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar, tadbirkorlar katta yordam berdi. Kattaqo‘rg‘onliklarning samimiyligi, boy ma’naviy-ma’rifiy muhit, har qanday sharoitda ham doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorliklari menda shaharga va shahar aholisiga o‘zgacha mehr uyg‘otdi. Hozir o‘zimni kattaqo‘rg‘onlik, deb his qilaman.
O‘zgarishlar haqida gapirganda, o‘tgan salkam 2 yil davomida shaharda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganini qayd qilish lozim. Bunda Prezidentimizning e’tiborlari bilan Vazirlar Mahkamasining shaharni rivojlantirish bo‘yicha qarorining qabul qilingani muhim omil bo‘ldi. Qaror asosida shahardagi ko‘plab ijtimoiy soha ob’yektlarining qiyofasi tubdan o‘zgardi. Bundan tashqari, o‘tgan yili Sog‘liqni saqlash vazirligining yordami bilan shahar tibbiyot birlashmasiga skrining apparati, tig‘siz jarrohlik laporaskopik uskunasi, yaqinda rentgent berildi. Bu, tabiiyki, tibbiy xizmat sifati oshishiga xizmat qilyapti.
Shu vaqtgacha aksariyat mahalla binolari ta’mirtalab bo‘lgan. Ish boshlagan dastlabki kunlarimdan har bir mahallaga borib, sharoitlarini to‘liq o‘rgandim. Natijada talabga javob bermaydigan mahalla binolari buzilib, yangilari qurildi.
Bundan tashqari, maktabgacha va xalq ta’limi bo‘limlari o‘z binosiga ega bo‘lmagan. Yaqinda bo‘limlar uchun qurilgan yangi bino zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan holda topshirildi.
Albatta, faoliyatim davomida shaharda qilingan ishlarga birinchi navbatda aholi baho beradi. Lekin oldinda hali rejalarimiz ko‘p. Ularni amalga oshirishda muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Negaki, Davlatimiz rahbari, viloyat hokimi qo‘llab turibdi. Ikki yil ichida shahar Prezidentimiz ta’kidlaganidek, respublikadagi eng namunali shaharga aylanishi kerak.
- Shuncha salohiyat va imkoniyat bo‘la turib, 9 oylik yakunlari bo‘yicha hududda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi prognoz rejaga nisbatan 97 foizni tashkil qilgan. Adashmasam, viloyatda birgina Kattaqo‘rg‘on shahri bu borada kutilgan natijaga erishilmagan.
Nima uchun shunday bo‘ldi? Sabablar muhokama qilinib, muayyan rejalar belgilanganmi?
- Bilasizmi, bizda oziq-ovqat sanoati rivoji, belgilangan ko‘rsatkichga erishish ayrim yirik sanoat korxonalarining faoliyati bilan ham bog‘liq. Jumladan, shaharda sanoat ishlab chiqarishning asosini tashkil qiladigan oziq-ovqat sohasi ulushining katta qismi “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayrim sabablarga ko‘ra, jumladan, chigit xom ashyosining birja savdolarida narxi oshib ketganligi hamda ishlab chiqarish jarayoni uchun aylanma mablag‘ning yetarli bo‘lmaganligi sababli o‘tgan yili korxonaning ishlab chiqarish hajmi oldingi yillarga nisbatan biroz kamaygan.
Bu yo‘qotishni qoplash uchun 2021-2022 yillarda hududiy investitsiya dasturlari doirasida 2 ta qayta ishlash, 4 ta o‘simlik va paxta yog‘i ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Umuman, soha mutasaddilari bilan bu masala bir necha bor muhokama qilingan. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bildirilgan fikr va mulohazalar asosida zarur chora-tadbirlar belgilab olganmiz. Yil yakunida oziq-ovqat mahsulotlari prognoz rejasini 100 foiz bajaramiz.
- Yuqoridagi fikrni xizmatlar sohasida ham aytish mumkin. Vaholanki, shaharda birgina transport yoki turizm xizmatlarini rivojlantirish hisobiga sohada yuqori ko‘rsatkichlarga erishish mumkin.
- Avvalo, shaharning turizm salohiyatini ko‘tarish bo‘yicha tegishli rejalarni belgilab olganmiz. Bu bo‘yicha o‘tgan yili shaharga kelib-ketuvchilar uchun barcha qulayliklarga ega 2 ta mehmonxona qurib foydalanishga topshirildi.
Yuqorida aytganimday, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari ketmoqda. Natijada kelgusi yillarda shahar butkul yangi, zamonaviy qiyofaga kiradi, demakki, kelib-ketuvchilar soni ham oshadi. Shu bois, bugungi kunda jami 1381 ta xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’yekti bo‘lsa, aholi gavjum joylarda 8 ta yirik xizmat ko‘rsatish majmualarini tashkil etishni rejalashtiryapmiz.
Avtobus qatnovi bo‘yicha shahar aholisidan ham takliflar, murojaatlar bo‘lyapti. Shu bois, bu xizmatni tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilyapti.
Ilgari shaharda 2518-sonli avtokorxona faoliyat yuritgan. Ayni paytda bu yerda oldingidek xizmat ko‘rsatish imkoniyati yo‘q. Endi birinchi navbatda bekatlar qurish lozim. Avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilishi nafaqat shahar aholisiga, bu yerga kelib-ketuvchilarga ham qo‘shimcha qulaylik bo‘ladi.
- Rasmiy manbalarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha shaharda bir qator muammolar mavjudligi e’lon qilindi. Fikrimcha, yuqoridagi holatlar bunda asosiy rolni o‘ynaydi. Negaki, byudjetda mablag‘ yetishmagach, tabiiyki, 50 foizi mahalliy imkoniyatga qarab qolgan bu dasturlarda oqsoqlik kuzatiladi. Shunday emasmi?
Umuman, hududda obodonlashtirish borasidagi ishlardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- To‘g‘ri, ayrim sabablarga ko‘ra dasturda belgilangan ishlarni bajarishda biroz kechikishlar bo‘ldi. Lekin qilingan ishlar ham kam emas. Misol uchun, “Obod mahalla” dasturiga joriy yilda Oq oltin va Nurobod mahallari tanlab olingandi. Shu asosda 785 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, mahallalarning ma’muriy binolari yangidan qurildi. Shahar hokimligi tomonidan ajratilgan 32 mln. so‘m mablag‘ evaziga har ikki mahalladagi 2 kilometr ichki yo‘lga shag‘al tosh yotqizildi.
Hududlardagi belgilangan joylarga tungi yoritish chiroqlari, tayanch ustunlar, transformatorlar o‘rnatildi. Shuningdek, elektr va tabiiy gaz bo‘yicha yangi tarmoqlar tortilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi. Ichimlik suv va oqova suv tarmog‘lari qurildi. Har ikkala hududda 4 tadan maishiy xizmat ko‘rsatish binolari ish boshladi.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlangandi. Birgina Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali ochilganini hisobga olmasa, bizningcha, shaharda aytarli o‘zgarish bo‘lmagandek. Yo adashyapmizmi?
- Uzoq yillardan buyon e’tibordan chetda qolgan shaharni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 sentyabrdagi qarori chiqarilgani katta yutuq bo‘ldi. Negaki, qarorga asosan joriy yilda 32 km. dan ortiq ko‘cha ta’mirlandi. Shuningdek, 660-o‘rinli yangi zamonaviy maktab binosi, maktab yonida ko‘p qavatli uy qurilyapti. 1 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 3 ta kollej va texnikum, 2 ta maktab va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirlandi.
Bundan tashqari, joriy yilda Ingichka qo‘rg‘onidagi Madaniyat saroyi, shahar mudofaa bo‘limi va 6 ta mahalla binosida yangi qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Ko‘zi ojizlar jamiyati uchun yangi kutubxona qurib foydalanishga topshirildi. Istirohat bog‘idagi sobiq “Ertak” qahvaxonasi o‘rnida shahar madaniyat bo‘limi uchun “Xalq jamoalari” markazi barpo etildi.
Shuningdek, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 819.599 mlrd. so‘mlik 117 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘tgan yili qiymati 149,8 mlrd. so‘mlik 53 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 480 kishining bandligi ta’minlandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 303,8 mlrd. so‘mlik 81 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilib, 771 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jumladan, «Marokand gold oil ekstraksiya» MChJ tomonidan qiymati 5,9 mlrd. so‘m o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.
"CLASSIC MOTOR" MChJ yuqori bosimli plastik quvurlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapti. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 million 400 ming dollar bo‘lib, to‘liq jamiyatning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilyapti. Neftni qayta ishlash loyihasiga ko‘ra 30 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi.
- Amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik va oqova suvi hamon muammoligicha qolmoqda. Bu borada qachon o‘zgarish bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
- Buni yashirishning hojati yo‘q, avvaldan Kattaqo‘rg‘on shahri aholisini ichimlik suv bilan ta’minlashda muammolar bo‘lgan. Ya’ni, shaharning ayrim hududlarida ichimlik va oqova suvga bo‘lgan ehtiyoj yetarlicha darajada qoplanmagan.
Hozirda shahar aholisining 71,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi va 41 foizi markazlashgan oqova xizmati bilan ta’minlangan. Shahar suv ta’minoti bo‘limi tasarrufida 14 ta suv inshooti va 1 ta oqova suvlarini tozalash inshooti mavjud.
Kelgusida shaharning qolgan 28,7 foizini ichimlik suvi va 59 foizini oqova suvlari tarmog‘i bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha alohida loyihamiz bor. Bu loyihani Jahon bankining 66 mln. dollar kredit mablag‘lari doirasida 2022 yilda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.