Jamiyatda matbuotning o‘rni qanday?

“Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi va Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali tashabbusi bilan 3 may - Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan shu mavzuda konferensiya o‘tkazildi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida tashkil etilgan tadbir avvalida mutaxassislar tomonidan filial talabalariga axborot va so‘z erkinligi, axborot asrida nimalarga e’tibor berish, yolg‘on axborotni qanday farqlash kabi mavzularda qiziqarli ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida filialda jurnalistikaga qiziquvchi yoshlardan tuzilgan "Jurnalist maktabi" a’zolari faol qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Anjumanning ikkinchi qismida shahar hokimi Gavhar Alimova ishtirok etib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, matbuotning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘onda matbuotni rivojlantirish uchun qilinayotgan ishlar, bu yerda faoliyat yuritib kelayotgan ijodkorlar, jurnalistlar mehnatini e’tirof etdi.
Tadbir doirasida filialda jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, filialda 2513 nafar talaba ta’lim olmoqda. Jumladan, 21 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’limda 2177 nafar, sirtqi ta’limda 336 nafar talaba o‘qimoqda.
Shuningdek, filialda 84 ta o‘quv xonasi, 6 ta kompyuter xonasi, faollar zali va 700 o‘rinli ikkita talabalar turar joyi mavjud.
Tadbirda jurnalist va blogerlarga Registrator ofisi, robotatexnika markazi, axborot-resurs markazi, "Yosh musavvir" to‘garagi kabilar tanishtirildi. Masalan, Axborot resurs markazida 10 mingga yaqin adabiyot bo‘lib, ularning elektron shakli rasmiy veb-saytga joylashtirilgan va talabalarning undan foydalanishi uchun ikkita o‘quv xonasi tashkil etilgan.
Robotatexnika markazida yosh dasturchilar tomonidan bog‘cha bolalariga chet tilini o‘rgatuvchi qurilma, ta’lim sohasida gaplashuvchi robot yaratish ustida ishlanyapti.
Hali faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan mazkur oliy ta’lim dargohida talabalarning zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Shundan so‘ng ishtirokchilar "Kattaqo‘rg‘on tongi" gazetasi hamda "Tong.uz" sayti tahririyatida bo‘lib, bu yerda jurnalistlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tadbir yakunida gazetaning mas’ul kotibi Hamidullo Xushvaqtovning 70 yilligi munosabati bilan uning hayoti, jurnalistika sohasidagi faoliyati haqida so‘z yuritilib, xizmatlari e’tirof etildi. Tashakkurnoma va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi. Shuningdek, matbuot va OAV faoliyatini qo‘llab-quvvatlayotgan, faol hamkorlikda ish olib borayotgan tashkilotlar rahbarlari hamda jurnalistlarga tahririyatning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Xurshida Ernazarova.